Samimiy qutlovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan bayram qutlovlari kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan tabriklayman!
Tarixan qisqa davrda Oʻzbekiston siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi hamda xalqaro maydonda oʻz nufuzini mustahkamladi.
Qozogʻiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni yuksak baholab, bu hamkorlik bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yoʻlida rivojlanishiga ishonch bildiraman.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va ishonch munosabatlarini alohida qadrlayman hamda ular mustahkamlanib borishiga umid qilaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, masʼuliyatli faoliyatingizga katta zafarlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinch-farovon hayot va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Nursulton NAZARBOYEV,
Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Mustaqillik yillarida mamlakatingiz muhim yangilanishlar yoʻlini bosib oʻtib, davlat qurilishida, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Koʻp asrlik doʻstlik va mushtarak tarixga asoslangan Qozogʻiston –Oʻzbekiston muloqoti izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Oʻylaymanki, bunday muloqot davlatlar oʻrtasida samarali oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyishda boshqalar uchun ibratdir.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklikni yanada kengaytirishda muvaffaqiyat kafolati boʻlishiga ishonaman.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda yangi zafarlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa baxt-saodat va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Qosim-Jomart TOQAYEV,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qadrli qardoshim!
Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga Turkmaniston xalqi va hukumati nomidan hamda shaxsan oʻz nomimdan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarni yoʻllash menga sharaf bagʻishlaydi.
Mustaqillik yillarida qardosh Oʻzbekiston davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yoʻlida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi.
Yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro anglashuv tamoyillariga asoslangan Turkmaniston – Oʻzbekiston munosabatlari xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga qatʼiy ishonaman.
Ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli BERDIMUHAMEDOV,
Turkmaniston Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizga va birodar Oʻzbekiston xalqiga mamlakatingizning milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy va qizgʻin tabriklarimni yoʻllashdan bagʻoyat mamnunman.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz taraqqiyoti yoʻlidan ogʻishmay olgʻa borayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy hayotning turli sohalarida ulkan, hayratlanarli natijalarga erishayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlash joiz. Shuningdek, Oʻzbekistonning, jumladan, oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy hamkorlik siyosatini faol amalga oshirayotgan davlat sifatida xalqaro nufuzi ortmoqda.
Tojikiston va Oʻzbekistonni doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ezgu muloqotdan iborat boy tarixiy anʼanalar bogʻlab turadi.
Yaqin qoʻshni boʻlgan xalqlarimiz munosabatlarining bunyodkor asoslarini har tomonlama mustahkamlash bugun ham Tojikiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari orasida asosiy oʻrinni egallaydi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli davlatlararo sheriklik va barcha darajadagi muloqot muvaffaqiyatli kengaymoqda.
Gʻoyat samarali tarzda rivojlanib borayotgan azaliy doʻstlik munosabatlarimiz keyingi yillarda yanada keng tus oldi, ularning strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani buning yaqqol dalilidir.
Mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatdan yangi oʻzanga burish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda shaxsan Sizning, muhtaram Shavkat Miromonovich, ulkan hissangizni alohida qayd etmoqchiman.
Ishonchim komil, biz bundan buyon ham birgalikda ikki tomonlama munosabatlarimizdagi ulkan salohiyatni ishga solib, strategik sherikligimizni yanada mustahkamlaymiz.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, barcha ishlaringizga muvaffaqiyatlar, doʻst va birodar Oʻzbekiston xalqiga esa musaffo osmon, tinchlik-osoyishtalik va yanada rivoj tilayman.
Hurmat bilan,
Emomali RAHMON,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qirgʻiziston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman!
Sizning oqilona rahbarligingizda mintaqaviy va xalqaro hamkorlik borasida qilingan qatʼiy qadamlar tufayli Oʻzbekiston Respublikasi jahonda munosib oʻrin egalladi.
Bugun mamlakatlarimiz hamkorligi misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi. Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari xalqlarimiz yorqin kelajagi yoʻlida bundan buyon ham rivojlanishi va mustahkamlanib borishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa yanada ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sooronbay JEENBEKOV,
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini va Sizning timsolingizda butun Oʻzbekiston xalqini shaxsan oʻzim va xalqim nomidan samimiy muborakbod etaman.
Doʻst va qardosh Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon oʻtgan vaqt mobaynida – 2017-yilda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan munosabatlarimizni mushtarak saʼy-harakatlar bilan har tomonlama yanada chuqurlashtirimizga chin yurakdan ishonaman.
Strategik hamkorlik oliy kengashining birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi munosabati bilan Sizni va delegatsiyangizni yurtimizda qutlashdan mamnun boʻlamiz.
Shu fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, doʻst va qardosh Oʻzbekiston xalqiga farovonlik tilab qolaman.
Hurmat bilan,
Rejep Tayyip ERDOʻGʻON,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Sizni va Oʻzbekiston xalqini mamlakatingiz mustaqilligining 28 yilligi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng ichki va tashqi siyosatda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada qoʻlga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlar katta hurmat-eʼtiborga sazovor.
Siz Janobi Oliylari tomonidan amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar mamlakatda ham, uning tashqarisida ham yuksak eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Ishonamanki, Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston mamlakat va jamiyatni rivojlantirishda yuqori natijalarga erishishda davom etadi.
Oʻylaymanki, mening joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifim mamlakatlarimizning samimiy birodarlik aloqalari bilan bogʻlanganini yana bir bor tasdiqladi. Shu munosabat bilan yangi, alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan ikki tomonlama munosabatlarimiz sifatli rivojlanishi uchun yaqin hamkorligimiz davom etadi, deb ishonaman.
Janobi Oliylari, Sizga mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyat, Oʻzbekiston xalqiga esa abadiy farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Mun Chje IN,
Koreya Respublikasi Prezidenti
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.
O‘zA