Toshkent global toʻqimachilik kunlari mahalliy va xorijlik hamkorlar uchun katta imkoniyat
Joriy yilning 9-14-sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz“ markaziy koʻrgazmalar majmuida Toshkent global toʻqimachilik kunlari (“Global Textile Days Tashkent – 2019“) doirasida bir qator tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan brifing mazkur tadbirlarning amaliy ahamiyatiga bagʻishlandi.
Unda soʻz olgan “Oʻztoʻqimachiliksanoat“ uyushmasi raisi Ilhom Haydarov va boshqalar ushbu tadbirlarning oʻtkazilishi mamlakatimiz toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish va uning yutuqlarini jahonga tanitish ekanini aytib oʻtdi. Ayniqsa, bu ishlar koʻlamini kengaytirishda davlatimiz rahbarining 2019-yil 12-fevraldagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Taʼkidlash kerakki, mazkur hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻztoʻqimachiliksanoat“ uyushmasi, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Global Textile Days Tashkent – 2019“ dasturini ishlab chiqdi. Unda yurtimiz toʻqimachilik sanoati rivoji yoʻlida bir qator tadbirlarni oʻzida jamlagan umumiy yagona konsepsiya mavjuddir.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat“ uyushmasi va “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida Toshkent global toʻqimachilik kunlari mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
– “UzTextileExpo – 2019“ xalqaro toʻqimachilik mahsulotlari va moda industriyasi koʻrgazmasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va jahon toʻqimachilik sanoati yetakchilarining yigirilgan ipdan tortib to tayyor kiyim-kechak va aksessuarlargacha boʻlgan barcha jarayondagi yutuqlar va innovatsiyalari namoyish qilinadi, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova. – Unda Oʻzbekiston, Germaniya, Xitoy, Latviya, Belarus, Rossiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina kabi 10 mamlakatning 160 kompaniyasi ishtirok etadi. Bu yil yuqori darajada integratsiyalashgan ishlab chiqaruvchilar boʻlmish Buxoro, Andijon va boshqa viloyatlardagi paxta-toʻqimachilik klasterlari vakillari birinchi marotaba koʻrgazmada ishtirok etadi.
Toshkent toʻqimachilik mashinasozligi koʻrgazmasining oʻtkazilishi ham “Global Textile DaysTashkent – 2019“ doirasidagi tadbirlarning yana bir yorqin namunasidir. Unda Xitoy, Koreya Respublikasi, Polsha, Portugaliya, Turkiya, Yaponiya kabi mamlakatlarning toʻqimachilik va tikuv uskunalari yutuqlari taqdim etiladi.
– Oʻzbekiston Turkiya davlatining ishonchli hamkorlaridan biri, – dedi Oʻzbekiston – Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi kengashi raisi Erjan Bulut. – Bu aynan toʻqimachilik sohasida ham oʻz ifodasini topmoqda. Bu galgi koʻrgazmalar namoyishida turkiyalik ishbilarmonlar soha boʻyicha erishgan muvaffaqiyatlari orqali oʻzbekistonlik hamkorlari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatadi.
Toshkent global toʻqimachilik kunlari doirasida Paxta sohasida tadqiqot va ishlanmalar Osiyo tarmogʻining majlisi, “Toʻqimachilik industriyasini raqamlashtirish – kelajakka qadam“ mavzuida xalqaro toʻqimachilik anjumani hamda Oʻzbekiston – Koreya toʻqimachilik texnoparkining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.
Muxtasar aytganda, Toshkent global toʻqimachilik kunlari xorijlik sheriklarni mahalliy toʻqimachilik sanoatining yutuqlari bilan tanishtirish, mahalliy toʻqimachilik brendlarini ommalashtirish, sohaning investitsiya va eksport salohiyatini namoyish etishga imkoniyat yaratadi.
OʻzA