Oʻzbekiston: Toʻqimachilik sohasida xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Poytaxtimizda Oʻzbekiston xalqaro toʻqimachilik konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Toshkent global toʻqimachilik kunlari doirasida tashkil mazkur anjumanda jahonning 36 davlatidan vakillar, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.
Unda soʻz olgan “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisi I.Haydarov, Bangladesh Xalq Respublikasi savdo vaziri T.Munshi, Belarus Respublikasi “Bellegprom” konserni rahbari T.Lugina, Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi M.Surayya va boshqalar Oʻzbekiston va bir qator xorijiy davlatlar oʻrtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, bu, oʻz navbatida, toʻqimachilik sohasi ravnaqiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatayotganini qayd etdi.
Eʼtiborli jihati, tadbir chogʻida mahalliy va xorijiy ekspertlar oʻzlarining tajribasi bilan oʻrtoqlashar ekan, unda soha rivojida oʻzaro hamkorlikning amaliy natijalariga eʼtibor qaratdi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, xususan, paxtachilik sohasida tub islohotlar amalga oshirilayotgani xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga keng imkoniyat yaratmoqda. Davlatimiz rahbarining qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtibori natijasida bugungi kunda klasterlar faoliyati yanada rivoj topmoqda. Masalan, 2017-yilda Navoiy viloyatida yagona toʻqimachilik klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bugun ularning soni 75 taga yetdi va tarmoqdagi ish jarayonining bunday shakli oʻzini oqladi. Endigi maqsad esa ishlab chiqaruvchilarni jahon talabiga mos sifatli tola mahsulotlari bilan taʼminlashdir. Bunda ijobiy samaraga erishish uchun xalqaro metodologik tavsiyalar zarur boʻladi.
– Anjumanda jahon toʻqimachilik sanoatining tendensiyalariga bagʻishlangan maʼruzam bilan qatnashdim, – dedi Shveysariyadagi Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi bosh direktori Kristian Shindler. – Yaqin kelajakda toʻqimachilik tarmogʻida ikkita tendensiya alohida ahamiyat kasb etadi. Sayyoramizda energiya resurslari boʻyicha qaygʻurish asnosida eng kam miqdorda elektr energiya va suv sarflanib, toʻliq avtomatlashtirilgan uskunada tayyorlangan mahsulotlarga alohida talab kuzatiladi. Bunda kun sayin ishlab chiqarish jarayonining shaffofligi muhim boʻlib boradi. Shu sababli xaridorlar paxtani kim yetishtirgani va tayyorlaganini, qanday uskunalardan foydalanilganini bilishi majburiydir.
AQSHning Xalqaro moliya korporatsiyasi vakili Oksana Varodi “Oʻzbekistonda paxta yetishtirish va qayta ishlash tarmogʻining barqaror rivojlanishi” mavzuidagi maʼruzasida mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratdi.
– 2017-yilda Oʻzbekistonda barqaror va ijtimoiy masʼul tarzda paxta yetishtirish boʻyicha dastur amalga oshirila boshlandi, – dedi Oksana Varodi. – Uning doirasida mamlakatda eng yuqori xalqaro standartlarga mos boʻlgan paxta yetishtirish boʻyicha yangi amaliyotlar va texnologiyalar joriy etilmoqda. Agar 2019-2020-yillarda “Eng yaxshi paxta uchun” standarti tamoyillariga asoslangan amaliyotlar tizimini joriy etish muvaffaqiyatli oʻtsa, BCI ning mamlakatga kirib borishi rejasini tayyorlash imkoniyati yaratiladi. BCI ning Oʻzbekistonga kirishiga doir asosiy shartlardan biri “oq oltinni” yetishtirish va terish jarayonining toʻliq shaffofligi hisoblanadi.
Anjumanda toʻqimachilik sanoatini raqamlashtirish, jahon toʻqimachilik sanoati rivojidagi yoʻnalishlar, Oʻzbekistonda “Eng yaxshi paxta” loyihasini amalga oshirish tartiblari, paxta-toʻqimachilik klasterini amalga oshirishning muvaffaqiyatli tajribasi, shuningdek, chakana savdo, elektron tijorat kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar yangi barpo etilgan Oʻzbekiston – Janubiy Koreya toʻqimachilik texnoparki binosi va zamonaviy jihozlangan xonalari bilan yaqindan tanishdi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev soʻzga chiqdi.
OʻzA