Qo‘qonga jahon hunarmandlar shahri maqomi berildi
Bu haqda Jahon hunarmandlari Kengashining rahbari Rozi Grinlis xonim yaqinda Qo‘qon shahriga tashrif buyurgan tashkilotning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumiga yo‘llagan xatida xabar berdi.
“Jahon kengashiga berilgan ariza evaziga, biz hunarmandchilik Qo‘qon shahri madaniyati va sanoatida katta rol o‘ynashi haqidagi xulosaga keldik. Qo‘qon hunarmandlar shaharlari jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi quvonarlidir. Qo‘qon ro‘yxatga kiritilishi bilan bog‘liq o‘z majburiyatlarini bajarishi va butun dunyo hunarmandlari uchun umumiy platforma yaratish maqsadida xalqaro almashuvlarni kengaytirishi, hunarmandchilik shaharlari tarmog‘idagi boshqa shaharlar bilan faol hamkorlik qilishiga umid qilamiz” deb aytgan Jahon hunarmandlar kengashining prezidenti Rozi Grinlis.
Jahon hunarmandlari shahri unvoni 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu kungacha unga jahonning turli mamlakatlaridagi 30 ta shahar sazovor bo‘lgan. Qo‘qon shahri MDH davlatlari ichida birinchi bo‘lib, mazkur ro‘yxatga kiritildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrda qabul qilingan “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida Qo‘qonga shahriga mazkur maqomning berilishi muhim voqea bo‘ldi. Joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan festivalda 70 dan ortiq xorijiy davlatlardan mahoratli hunarmandlar, amaliy san’at ustalari, mutaxassislar, soha olimlari va faxriy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish orqali nima erishiladi? WCCga a’zo bo‘lish hunarmandlarning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ularning xorijdagi ko‘rgazmalarini tashkil etishda yangi imkoniyat yaratadi.
Mazkur tashkilot 1964 yilda Belgiyada nodavlat-notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan va boy madaniy merosni asrab-avaylash va rivojlantirish uchun seminarlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali butun dunyoda hunarmandchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Respublika “Hunarmand” uyushmasi joriy yilning mart oyidan boshlab mazkur tashkilotga a’zo bo‘ldi.