Oʻzbekiston: Xalqaro hunarmandchilik festivali – xalqlar madaniyatini bogʻlovchi muhim koʻprik
Dunyoda latif shahar maqomiga ega yagona kent – 2019-yil 14-sentabr kuni Qoʻqon har qachongidan-da maftunkor. Bu yerga kelgan kishi oʻzini ertaklar olamiga tushib qolgandek his etadi. Hoʻqandi latif koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyotning mezon va anʼanalarini uygʻunlashtirib, bir paytning oʻzida ham sharqona latofati, ham zamonaviy dunyo tamadduniga hamohang hashamati bilan jahon hamjamiyatini oʻziga qaratmoqda.
Oʻzbekiston – ming yillar davomida Buyuk Ipak yoʻlida alohida ahamiyat kasb etib kelgan zamin. Tarixiy shaharu qishloqlarimiz koʻp. Lekin Sharqu Gʻarbni bogʻlovchi koʻpriklar, madaniyatlar birlashgan maskanlar orasida Fargʻona vodiysi oʻzgacha oʻrin tutadi.
Tarixiy manbalar vodiyda hunarmandchilikning juda koʻp turi, ayniqsa, kulolchilik, ipak va abrli matolar toʻqish, yogʻoch oʻymakorligi, pichoqchilik, doʻppidoʻzlik keng rivojlanganidan guvohlik beradi. Bu mahsulotlar savdo karvonlari orqali butun dunyoga tarqalgan.
Oʻzbekistonda koʻpchilik kundalik hayotining ajralmas qismi boʻlgan hunarmandchilik sanʼati, xususan, yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, kulolchilik, toʻqimachilik, zardoʻzlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik necha-necha ming yillik tarixga, oʻziga xos ijodiy maktab va anʼanalariga, atoqli namoyandalariga ega. Mohir ustalar tomonidan tayyorlangan koʻplab badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼat mahsulotlari bugungi kungacha dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida muhim oʻrin tutishidan dalolat beradi.
Shunday omillar sabab boʻlsa kerak, bu noyob sanʼatning koʻplab yoʻnalishlarida samarali faoliyat koʻrsatganlar, ularga izdosh va voris boʻlgan isteʼdodli hunarmandlar doimo el-yurt orasida hurmat-ehtiromga sazovor boʻlib, “usta“, “ustazoda“ degan sharafli nomlar bilan eʼzozlanadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng milliy madaniyatimizning barcha sohalari qatori hunarmandchilikni, uning anʼana va maktablarini tiklash, rivojlantirish va targʻib etishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Keyingi yillarda ana shu boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy anʼanalarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.
Bunday amaliy saʼy-harakatlar natijasida yurtimizda milliy hunarmandchilik sanʼati jadal rivojlanmoqda. Misol uchun, 2017-yilgacha “Hunarmand“ uyushmasining 10 mingga yaqin aʼzosi boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni qariyb uch barobar koʻpaydi.
Hunarmandchilik yangi ish oʻrinlari tashkil qilish, yoshlarni foydali mehnatga jalb etish, turizmni rivojlantirish borasida ham katta imkoniyatlar manbai hisoblanadi. Shu bois yurtimizning barcha hududlarida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018-yili hunarmandchilik rivojiga yoʻnaltirilgan loyihalarni hayotga joriy etish orqali 40 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, mamlakatimiz boʻylab tashkil etilgan 5 mingdan ziyod “Usta-shogird“ maktabida 23 mingdan ortiq yigit-qizga kasb sirlari oʻrgatildi.
Bugun qoʻli gul usta va ustazodalar xalq hunarmandchiligining turli sohalarida qadimiy anʼanalarni zamonaviy tajriba va yangiliklar bilan uygʻunlashtirgan holda katta yutuq va natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Milliy hunarmandchilik rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, iqtidorli shogirdlar tarbiyalab, oʻz ijodiy maktabini yaratgan zahmatkash ustalar ragʻbatlantirilib, ularning mehnati alohida eʼtirof etilayotir. Jumladan, yuzlab usta va hunarmandlar davlatimizning yuksak mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Hunarmandchilik xalqimiz kundalik hayotidan tobora mustahkam oʻrin egallamoqda. Bu yil Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun Qoʻqon shahri tanlangani ham bejiz emas. Qoʻqon shahrining koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan Xudoyorxon Oʻrdasining noyob meʼmoriy bezaklari va tarovati hech bir insonni hayratga solmay qoʻymaydi. Undan qadim Sharqning sirli nafasi ufurib turadi. Ushbu qadimiy va goʻzal shahar mohir hunarmandlar maskani, xalq badiiy va amaliy sanʼatining markazi sifatida dunyoga maʼlumu mashhur.
14-sentyabr. Qoʻqon, Oʻrda maydoni, soat 18.30.
Maydon markazida qurilgan, festival ruhiga hamohang bezatilgan amfiteatrga minglab nigohlar qadalgan. Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimiga yigʻilgan odamlarning chehrasidagi mamnunlik, xursandchilik dillardan dillarga koʻchayotgandek goʻyo. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, taniqli madaniyat arboblari, sanʼatshunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.
Festival ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.
Soʻz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga beriladi.
Davlatimiz rahbari Xalqaro hunarmandchilik festivali ishtirokchilari va mehmonlarni samimiy qutlab, jahon xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, bu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirishda mazkur xalqaro anjumanning ahamiyati beqiyos ekanini taʼkidlab, anjuman qatnashchilariga ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Jahon hunarmandlar kengashi (JHK) prezidenti Rozi Grinlis xonim Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, ayniqsa, hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, birinchi bor oʻtkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali ana shu saʼy-harakatlarning yuksak namunasi ekanini qayd etdi.
JHK tomonidan Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” maqomi berilishi bejiz emas. Bu unvon 2014-yilda taʼsis etilgan boʻlib, shu kungacha unga 16 davlatning 36 shahri sazovor boʻlgan. Qoʻqon shahri MDH mamlakatlari shaharlari orasida birinchi boʻlib shu qatordan joy oldi. Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi joriy yilda mazkur tashkilotga aʼzo boʻldi. Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilganining belgisi boʻldi bu voqealar.
JHK 1964-yilda Belgiyada nodavlat notijorat tashkilot sifatida tuzilgan boʻlib, boy madaniy merosni asrab-avaylash va rivojlantirish uchun seminarlar, konferensiyalar, koʻrgazmalar oʻtkazish orqali butun dunyoda hunarmandchilik tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlaydi.
JHK bilan hamkorlikda Qoʻqonga “Jahon hunarmandlar shahri“ maqomini berish borasidagi saʼy-harakatlar doirasida tashkilotning Oʻrganish hayʼati aʼzolari shahardagi milliy hunarmandchilik maktablarida boʻlib, ularning faoliyati bilan bevosita tanishdi.
Fargʻonada hunarmandchilikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha 4 mingdan ortiq ustaxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida oʻz maktabiga ega sulolalar, xalqaro koʻrgazma va festivallar sovrindorlari, davlat mukofotlari sohiblari bor.
Qoʻqon hunarmandchiligi oʻziga xos tarixi, uslub va anʼanalariga ega boʻlib, bu yerda uning 30 ga yaqin turi keng rivojlangan. 400 nafar hunarmand ota-bobolaridan meros kasbning avloddan avlodga oʻtishini taʼminlamoqda.
Shahar markazidagi salobatli maydon uzra yoqimli kuy taraladi. Bu ohang qalblarga singib, koʻngilning nozik torlarini chertadi. Yuraklarga hayajon, zavq soladi. Bu kuy sehri, nozli ohang shavqi, musiqa qudratining amaldagi ifodasidir.
Xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimidagi mumtoz ashulalar, folklor, jahon musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatining nodir namunalari, dilbar raqslar dillarni joʻsh urdiradi. Tomoshabinlar yurakka yaqin qoʻshiqlarga joʻr boʻladi, shoʻx kuy-navolardan zavqlanishib, raqsga tushadi.
– Bugun Oʻzbekiston diyorida juda katta bayram, – deydi AQSHlik martabali mehmon Kerol Roberson Lopes xonim. – Qadimiy va navqiron Qoʻqon shahrida ilk bor oʻtkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali katta shodiyona bilan nishonlanmoqda. Bu tadbir butun dunyodagi qoʻli gul hunarmandlarni bir joyga jamlab, xalqlarning nomoddiy merosini targʻib etish va xalqaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu xalqaro festival nafaqat koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami ekanini taʼkidladi. Bundan juda xursand boʻldim. Festival turli qadriyat va anʼanalarni oʻzida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam doʻstlik va hamkorlik anjumani boʻldi.
Prezidentimizning 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda nomoddiy merosni asrab-avaylashga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning amaliy ifodasi boʻldi. Mazkur tadbirning Qoʻqon shahrida oʻtkazilishi fargʻonaliklarni behad mamnun qilmoqda. Birinchi bor oʻtkazilayotgan bu bayram keng miqyosli boʻlib, unda 78 mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy sanʼati ustalari, mutaxassislar, soha olimlari, faxriy mehmonlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirok etmoqda.
Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonida Qoʻqonda keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, zamonaviy mehmonxonalar, uy-mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, madaniy-maʼrifiy majmualar, savdo komplekslari, koʻngilochar maskanlar barpo etildi. Tarixiy ziyoratgohlar, koʻchalar, bino-inshootlarda kapital taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu tariqa koʻhna kent bugun toʻliq yangicha qiyofa kasb etdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand“ uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida ishlab chiqilgan festival dasturi rang-barangligi, madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Festival doirasidagi “Kokand fashion” moda haftaligida xorijiy va mahalliy hamda Qoʻqon shahrining yosh dizaynerlari oʻz ijod namunalarini namoyish etdi. Ertalabdan xorijiy mehmonlar shahar boʻylab qoʻllarida oʻz davlatlari, mahalliy aholi esa Oʻzbekiston bayrogʻini koʻtargancha tantanali yurdi. Turkiston koʻchasidan Xudoyorxon Oʻrdasi yoʻnalishida harakatlangan bayram ishtirokchilari minglab yurtdoshlarimiz tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi. Qiziqchilar, jarchilar va xon saroyi ayonlari libosini kiygan aktyorlar jamoasi ishtirokchilarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi. Oʻrda festivalning asosiy maydoniga aylandi. Xalq sayllari, dorbozlarning chiqishlari, folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari barchani bayramga chorladi.
“Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hunarlarning onlayn-ensiklopediyasi. Anʼanaviy qoʻl mehnati buyumlari” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijobiy Kaddumiy xonim rahbarligida ishlab chiqilgan mazkur onlayn-ensiklopediyada ushbu mintaqadagi 50 davlatning hunarmandchiligi tarixi, oʻziga xos jihatlari haqida maʼlumot berilgan. Uning taʼkidlashicha, ushbu loyiha madaniyatlararo muloqotni faollashtirish, xalqlarni bir-biriga tanitish, shu tariqa doʻstlik, hamjihatlik va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari“ mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 30 dan ziyod davlatdan olimlar, mutaxassislar, martabali faxriy mehmonlar, madaniyat va turizm sohasi namoyandalari, yurtimizda va xorijda faoliyat koʻrsatayotgan hunarmandchilik va amaliy sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalar, sanʼatshunoslar, muzeyshunoslar, hunarmandlar ishtirok etdi.
Mahalliy va xorijiy hunarmandlar mahsulotlarining koʻrgazma savdosi, xalq sayllari, qoʻgʻirchoqbozlik, dorbozlar va folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahorat darslari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Festival ishtirokchilari mohir kulollar shahri – Rishton hamda ipak va abrli matolar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar shahri – qadim Margʻilonga sayohat qildi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida zamonaviy oʻzbek milliy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatiga, hunarmandlar ijodiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston hunarmandchiligi durdonalari” kitob-albomi taqdimoti, “Rishtonning moviy afsonasi” nomli kulolchilik mahsulotlari koʻrgazmasi hamda hunarmandlar koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi. Uning gʻoliblari tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, haykalcha va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tantanali marosim yurtimiz sanʼat ustalari, yosh ijrochilarning shoʻx kuy-qoʻshiqlari bilan davom etdi. Qoʻqon osmoni uzra porlagan mushaklar dillarga quvonch, qalblarga shodumonlik bagʻishladi.
Anjuman oʻtkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlardan, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi qoʻshni davlat hamda boshqa xorijiy mamlakatlardan kelgan hunarmandlar buyumlari koʻrgazmasi tashkil etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ochilish marosimidan soʻng ushbu mahsulotlarni koʻzdan kechirdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ushbu festival nafaqat koʻp millatli vatandoshlarimiz, balki butunjahon hunarmandlarining ham bayramidir. Zero, festival koʻlamining kengligi uning jahon xalqlarini, madaniyatlarni bogʻlovchi muhim koʻprik boʻlishidan dalolatdir.
O'zA