O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi iqtisodiyotimiz «drayveri», xalqimiz turmush farovonligini ta’minlovchi yangi bosqichdir
Qishloq xo‘jaligi qo‘shimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayzu barakasi, hayotimiz farovonligi ko‘p jihatdan unga bog‘liq. Zero, yurtimiz zamini saxovatli. Shu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan, davlat xarid narxlarining qariyb 3 barobar oshirilishi paxtachilik va g‘allachilikni daromad keltiradigan tarmoqqa aylantirdi. Qolaversa, paxtachilikda mutlaqo yangicha ish tutumiga, ya’ni klaster tizimiga o‘tilgani mehnatga munosabatni tubdan o‘zgartirdi. Ishni samarali tashkil etish va boshqarish imkoniyati yuzaga keldi. Shuningdek, paxta maydonlarida sug‘orishning tejamkor usullari tatbiq etildi. Shu yilning o‘zida 25 ming gektar paxta maydonida suv tejovchi yangi sug‘orish tizimi joriy qilinishi natijasida o‘tgan yildagiga nisbatan uch barobar ko‘p hosil olish kutilayotgani, foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yer maydoni qayta foydalanishga kiritilayotgani shunday sa’y-harakatlar samarasidir.
- qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni takomillashtirish;
- suvdan foydalanish samaradorligini oshirish;
- qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish;
- qishloq xo‘jaligining eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini ko‘paytirish;
- qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish sohasida raqobat muhitini shakllantirish;
- qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda qishloq xo‘jaligi statistikasini to‘liq raqamlashtirish orqali ma’lumotlar haqqoniyligini ta’minlash;
- kadrlar masalasini hal etish, ilm-fanni rivojlantirish.
Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash, manfaatdorligini ta’minlashdir. Qisqacha aytganda, qishloq xo‘jaligida shu paytgacha amal qilib kelgan eskicha ish uslubidan butunlay voz kechish, shunchaki xom ashyo yetishtirish manbaiga aylanib qolgan sohani tubdan isloh etish. Chunki yangicha ishlash uslubiga o‘tish payti, allaqachon, yetib keldi. Joriy yilning 6 sentabr kuni Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishlab chiqilayotgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi muhokama qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini yuksaltirish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligining eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish sohasida raqobat muhitini shakllantirish, qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda tarmoq statistikasini to‘liq raqamlashtirish orqali ma’lumotlar haqqoniyligini ta’minlash, kadrlar masalasini hal etish, ilm-fanni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yettita ustuvor yo‘nalish belgilab berildi.
Jamshid XO‘JAYEV, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri:
— Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yalpi ichki mahsulotning 30 foizini tashkil etsa-da, lekin qilayotgan ishlarimiz yetarli emasligi, oldimizda katta potensial borligi namoyon bo‘lmoqda. Oxirgi ikki yil ichida biz qishloq xo‘jaligida juda ko‘p ishlarga kirishdik. Jumladan, klasterlar, kooperatsiyalar tashkil qilindi. Suvni tejash, yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘p tashabbuslarni boshladik.
Endi keyingi o‘n yillikda qishloq xo‘jaligini iqtisodiyotning haqiqiy “drayveri”ga aylantirish uchun tubdan ko‘p islohotlarni amalga oshirishimiz kerak. Chunki 30 yilda qishloq xo‘jaligiga deyarli teginilmagan, desak, xato bo‘lmaydi. Mahsulotlarimiz, umuman, qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalarimiz boshqa davlatlar bilan haqiqiy raqobatdosh bo‘lishi uchun islohotlarni bugundan amalga oshirishimiz kerak.
Prezidentimiz olib borgan yig‘ilishni ushbu sohadagi juda muhim yig‘ilish, deb aytsak bo‘ladi. Chunki unda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘n yilda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab oldik. Binobarin, qishloq xo‘jaligini faqatgina bitta yo‘nalishda hech qachon isloh qilib bo‘lmaydi.
Strategiyaga qisqacha to‘xtalsak, unda, avvalo, yerdan samarali foydalanish nazarda tutilyapti. Solishtiradigan bo‘lsak, bizning yerdan oladigan daromadimiz, to‘g‘risini aytganda, ba’zi davlatlardan besh-olti barobar kam.
Yerdan foydalanuvchi uni haqiqiy o‘ziniki, deb hisoblaydimi yoki yo‘q? Strategiyada shu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish belgilangan. Vaholonki, tahlillarda bitta fermer yerdan bir, bir yarim yil foydalangan holatlari ham kuzatilgan. Bu nimadan dalolat? Agar yerdan foydalanuvchi uni o‘ziniki, deb bilmasa, qandaydir “qo‘rquv” bo‘lsa, munosabat ham xuddi shunday bo‘ladi. Yerga nafaqat qarash, balki mablag‘larni ham sarflash kerak.
Shu bilan birga, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash ham ustuvor vazifalardan biridir. Ya’ni undan foydalanmas ekanmiz, vaqtni ham, mablag‘ni ham yo‘qotamiz.
Aktam HAYITOV, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi:
— Bugun O‘zbekistonda mavjud yer maydonlaridan, suvdan samarali foydalanish masalasi Prezidentimiz tomonidan soha xodimlari, olimlari oldiga qo‘yilayotgan eng dolzarb vazifa etib belgilandi. Sababi yer cheklangan. Ana shu cheklangan yerdan faqatgina mehnat unumdorligini, hosildorlikni oshirish orqali ko‘proq daromad olish lozim. Agar rivojlangan mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, yerdan, suv resurslaridan foydalanish darajasi bo‘yicha qator tizimli muammolar borligi ko‘rinadi. Shuning uchun strategiyada qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini yuksaltirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llashga alohida urg‘u berilgan.
Bugungi kunda mavjud sug‘oriladigan yer maydonlari 3 million 200 gektarni tashkil etadigan bo‘lsa, unga sarflanadigan suv juda katta miqdorda isrof qilinishiga olib kelayotgani mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda. Shuning uchun strategiyaning alohida yo‘nalishi suv resurslarini tejashga qaratilgan.
Yana bir muhim yo‘nalish, bu — mavjud yer resurslaridan bir necha marta hosil olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlardir. Bu, birinchi navbatda, g‘alla ekkan fermerlarimiz dalasida takroriy ekinlardan qo‘shimcha mahsulot olish. Bu orqali ham ichki, ham tashqi bozorga mahsulot chiqarish imkoniyati kengayadi. Joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 860 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekildi. Buning natijasida dehqon va fermerlarimizning manfaatdorligi yanada oshish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Endi hammasi shaffof va aniq hisob-kitobli bo‘ladi
Ochig‘ini aytish kerak, bugun yer maydonlarining aniq hisob-kitobi yuritilmagan. Agar surishtirsangiz, kadastrdagi raqam bilan statistikadagi raqam bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Kimdir yillar davomida yo‘l, daryo yoki ariqning masofa maydonini qisqartirish evaziga ekin maydonini kengaytirgan bo‘lsa, boshqasi yer o‘lchash jarayonida ko‘zbo‘yamachilik qilgan. Sababi o‘tgan yillar davomida yagona avtomatlashgan dastur yaratilmagan.
Bundan tashqari, joylarda bitta yer maydonining bir nechta xo‘jalik sub’ektlariga biriktirib berilishi yoki tuman hokimi xohlagan paytda olib qo‘yishi bilan bog‘liq hollar ko‘zga tashlanardi. Bu kabi muammolar yerdan foydalanuvchilarning unga egalik huquqi kafolatlanmaganligini, bu borada korrupsiya avj olganini ko‘rsatadi. Mana shunday holatda yer egasi qanday qilib hosildorlikni oshirish, yer unumdorligini ko‘tarish haqida bosh qotirishi mumkin?! Shuning uchun 2019 yilda 50 ta tumanda, 2021 yilda esa respublikamizning barcha hududida yerlarni hisobga olish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilib, bu borada yagona elektron bazani shakllantirish ishlari jadallashtiriladi.
Bundan tashqari, yer ajratishning shaffof tizimi ishlab chiqilib, yerga bo‘lgan huquqlar kafolatlanadi.
Isrofgarchilikning oldini oladigan texnologiya
Qishloq xo‘jaligini suvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, respublikamiz agrar tarmog‘ida obihayotning qadri juda baland. Chunki yurtimizda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, asosan, suvli maydonlarga to‘g‘ri keladi. Bu esa suvning har qatrasidan oqilona, tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etadi. Biroq amalda buning aksi bo‘lmoqda.
Respublikamizdagi mavjud ekin maydonlariga yo‘naltirilayotgan milliardlab kub metr suvning 60 foizigina ekinlarga yetib boradi, qolgan 40 foizi esa sug‘orish tizimlari va sug‘orish jarayonida yo‘qotiladi.
Bu ham sohada, allaqachon, umrini o‘tab bo‘lgan usullardan foydalanilayotgani, suvga nisbatan bepisand munosabat shakllanganini ko‘rsatadi. Joylarda hamon suv ko‘llab yotgan dalalar, obihayot isrof bo‘layotgan holatlar mavjud. Vaholonki, suvdan samarali foydalanish koeffitsiyenti Yevropa davlatlarida 80 — 85 foizni tashkil etadi.
Jahon suv resurslari instituti tahlillariga ko‘ra, 2040 yilga borib, O‘zbekiston suv o‘ta tanqis bo‘lgan 33 ta mamlakat qatoriga kirishi mumkin.
Shu jihatdan, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga sug‘orishning tejamkor usullarini keng qo‘llash asosiy masala hisoblanadi. Zero, tomchilatib sug‘orish usuli bejiz “dunyoni ochlikdan qutqaradigan texnologiya” deb baholanmaydi. Dunyo mamlakatlarida tomchisi tilloga teng obihayotni tejab sarflash choralari ko‘rilayotgan bir paytda bizda hamon ekin maydonlarini sug‘orishda suvni hisob-kitobsiz sarflash va katta miqdorda yo‘qotishlar kuzatilayotgani tashvishlanarlidir.
Shu bois kelgusi yildan har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilib boriladi.
Ilg‘or, zamon bilan hamnafas fermerlarimiz tomchilatib sug‘orishning afzalligini anglab yetishgan, albatta. Ular nafaqat suvni tejash, balki hosildorlikni oshirish maqsadida ham mazkur usuldan keng foydalanib kelmoqda. Sababi ushbu usul yer unumdorligini yaxshilash, tuproq eroziyasining oldini olishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, mamlakatimizda sug‘orishning tejamkor usulini joriy qilayotgan yer egalari uchun bir qator imtiyozlar taqdim etilgan. Demak, faoliyatni yangicha usul asosida tashkil qiladigan dehqon va fermerlar bunday imkoniyatdan foydalansa kam bo‘lmaydi.
— Misol uchun, tomchilatib sug‘orishni joriy etmoqchi bo‘lgan fermerga har gektari uchun 8 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilmoqda, — deydi Toshkent viloyatilik fermer Hamid G’oyipov. — Yoki buning uchun bankdan olingan kreditning 10 foizi davlat tomonidan to‘lab berilyapti. Bundan ortiq yana qanday yordam bo‘lishi mumkin?! Yangilik yaratmasdan, o‘sha o‘n yil oldingi uslubda ishlashning kelajagi yo‘q. Innovatsion g‘oyalarga intilishimiz zarur. Bugun ertani, ertaga indinni o‘ylashimiz kerak. Shunda ko‘p natijalarga erishamiz.
Maqsad — o‘rganilmagan bozorlarga kirib borish
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi faol qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar sirasiga kiradi. Bugungi kunda respublikamiz agrar sohasiga davlat tomonidan rivojlangan mamlakatlarga nisbatan 2-3 barobar ko‘p mablag‘ ajratilmoqda. Biroq ushbu mablag‘larni to‘g‘ri va maqsadli yo‘naltirilyapti, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun ham 2025 yilga borib, davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi faqat bozor mexanizmlari asosida tartibga solinadi. Tan olish kerak, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini ko‘paytirish borasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Birinchidan, bozorni o‘rganish va bozor topish borasida muammolar bor.
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda, xususan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming, Misrda 8 ming, Isroilda 12 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilsa, bizda bu raqam 300 dollardan oshmayapti.
Aslida, mamlakatimizning 20 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati mavjud. Buning uchun 1 gektar yerda kamida 10 ming dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi zarur.
Eksport uchun qulay bozorlar kam emas. Masalan, dunyo bozorida bodomning yillik import hajmi salkam 3 milliard dollarni, gilos va olchaniki 2 milliard dollarni, pistaniki esa 1,5 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu bozorlar biz kirib boradigan va sifatli mahsulotlarimiz bilan muqim joy egallaydigan katta maydon. Bu orqali 2025 yilgacha eksport hajmini yiliga 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgani shu maqsaddagi muhim qadamdir.
Xalqaro standartlarga mos mahsulot jahon bozoriga chiqishning eng asosiy vositasidir. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizning eksportda oqsayotgani shu jihat bilan ham bog‘liq. Shu bois endilikda Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya va arab mamlakatlari standartlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash tizimini joriy etish choralari ko‘riladi. Eksport salohiyatini oshirishda tomorqa xo‘jaliklari boy manba hisoblanadi. Boisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 70 foizi tomorqalarda yetishtiriladi.
Hozir O‘zbekistonda 4,5 million aholining tomorqa yer maydonlari mavjud.
Strategiyada tomorqada yetishtirilgan mahsulotlar logistikasiga, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida logistika va kooperatsiya xizmatini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovordir.
Klaster nimasi bilan afzal?
Bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 76 ta paxta-to‘qimachilik klasteri ham qishloq xo‘jaligiga tatbiq etilayotgan yangicha yondashuvning amaliy tasdig‘idir. Paxtachilik, bog‘dorchilik va boshqa yo‘nalishlarda tashkil qilingan agroklasterlar har tomonlama afzalligini namoyon etmoqda.
— Qonliko‘l tumanida sholichilik klasterini tashkil etib, 685 kishining bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz, — deydi uning rahbari Umrbek O‘rinboyev. — Buning uchun 10 gektar yer maydoni ajratildi. Jalb etiladigan mablag‘ esa 52 milliarddan ortiq. Xitoy, Vetnam va Rossiyadan sholini qadoqlovchi yangi liniyalar sotib olamiz.
Hozirgi kunda hosildorligimiz gektariga 35 — 40 sentnerni tashkil qilayotgan bo‘lsa, klaster tizimini shakllantirgandan so‘ng bu ko‘rsatkich 70 — 80 sentnerga yetkaziladi. Nimaning evaziga? Albatta, yangi texnologiyalarni, ya’ni sholichilik rivojlangan davlatlar usulini qo‘llash orqali.
Xalqimizda “Mehnat bilan birni olsang, ilm bilan mingni olasan”, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Shu ma’noda, qishloq xo‘jaligida ilmga asoslangan usullarning yaxshi samara berayotgani o‘z isbotini topgan. Misol uchun, gilos bo‘yicha asosiy raqobatchilarimiz — Turkiya va Ozarbayjonda eksportga iyul oyidan kirishilsa, biz asosiy hosilni may oyining boshida beradigan gilos navlarini yaratsak, eksportdan olinadigan daromadni ikki barobar oshirishimiz mumkin.
Ochig‘i, shu paytgacha respublikamiz agrar sektorida kadrlar masalasi va ishlab chiqarishga innovatsion yondashuvni tatbiq etish borasida kamchiliklar kuzatilayotgan edi. Sohaga ixtisoslashtirilgan 7 ta oliy ta’lim muassasasidan har yili uch mingdan ziyod bitiruvchilar chiqsa-da, hududlarda kadrlar yetishmovchiligi yaqqol sezilardi. Sababi tizimda ishni tashkil etish, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish borasida palapartishlik sezilardi. Fermer xo‘jaliklarida ham sohaga oid bilim va ko‘nikmalar yetishmasligi tufayli ekinlarni joylashtirish va yuqori hosil olishda imkoniyatlar boy berilardi. Endilikda bu kabi muammolarning barchasini bosqichma-bosqich hal etish va buning uchun zarur mutaxassislar hamda moliyaviy manbalar bilan ta’minlash choralari belgilab olindi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida eng katta e’tibor bozor mexanizmlariga qaratilgan. Buning zamirida dehqon, fermer ishlagandan keyin yerdan daromad topsin, degan maqsad yotibdi. Shu bilan birga, unda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham nazarda tutilgan. Chunki aholi har yili ko‘payib bormoqda. Bu bozorda ehtiyoj ham ortib boryapti, degani. Shunday ekan, paydo bo‘layotgan ehtiyojni qondirishning eng asosiy yo‘llari bu unumdorlik va hosildorlikni oshirishdir.
Zero, xalq, dehqon boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi hayotiy va aniq vazifalarga boy ekanligi, mana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
“Xalq so‘zi” gazetasi