“Raqs sehri” xalqaro festivali yakunlandi
Milliy raqs sanʼatimizni targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Raqs sehri” xalqaro festivali yauknlandi.
Joriy yilning 14-16-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, turizmni riovjlantirish davlat qoʻmitasi , Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu madaniy tadbir milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va sanʼatimizni ulugʻlashi bilan ham ahamiyatlidir.
Festivalning tantanali ochilish marosimi Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasi “Ota darvoza” majmuasi oldida oʻtkazildi. Majmua oldidagi maydonga din, til va millat tanlamaydigan sanaʼt ixlosmandlari yigʻildi. Tarjima talab etmaydigan raqs sanʼati bayramida koʻplab xorijiy va mahalliy mehmonlar ishtirok etdi.
Festivalda Angliya, Italiya, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi 10 dan xorijiy davlatlardan 50 ga yaqin ishtirokchi raqqoslar va raqs guruhlari qatnashadi. Shuningdek, Xorijdan yuqori martabali mehmonlar hamda diplomatik korpus vakillari hamda tadbirlarni yoritib boruvchi xorijiy OAV vakillari ham tashrif buyurishgan.
- Oʻzbekistonga kelib birinchi marta telekoʻrsatuv tayyorlayapman. – Hindiston davlatining “Dur Dahshan NEWS” telekanali muxbiri Jyolika Anihor. – Xivaning har bir gʻishti mening shijoatimga shijoat va Xorazm raqslarining jozibasi ilom bahsh etdi. Bunday ertaknamo va Urganch kabi zamonaviy koʻrkam shaharlarda har qancha ijod qilib charchamaysan kishi.
Festivalda yurtimizning turli hududlaridan va qator xorijiy davlatlardan kelgan sanʼatkorlar oʻz badiiy chiqishlari bilan ishtirok etmoqda. Festival dasturi nihoyatda rang-barang va tadbirlarga boy boʻlib, undan koʻplab namoyish va koʻrgazmalar ham oʻrin olgan. Milliy liboslar koʻrgazmasi festivalning dastlabki tadbirlaridan biri boʻldi. Unda Xorazm viloyatining bir qator iqtidorli dizaynerlari oʻz liboslar kolleksiyasini namoyish etdilar.
- Men Oʻzbekiston haqida koʻp oʻrganganman, - deydi polshalik tadbirkor Kshishtof Vishinski. – Xorazmga sayohatga kelib ajoyib festival ustidan chiqib qoldim. Men ham oʻz yurtimda moda biznesi bilan shugʻullanaman. Oʻzbek milliy liboslari meni oʻziga rom etdi. Endilikda, erkaklar va ayollar kiyimlari savdosini ikki davlat oʻrtasida yoʻlga qoʻyish niyatidaman. Oʻylaymanki hamkkorligimiz samarali boʻladi.
Xalqaro festival doirasida animatsion shoular, sahnalashtirilgan tomoshalar, qoʻgʻirchoq teatri, hunarmandlar koʻrgazmasi, milliy taomlar, xalq oʻyinlari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari kabi tadbirlarga ham keng oʻrin berilgan.
Festivalni tomosha qilish uchun kelgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga yurtimiz noz-neʼmatlarini oʻzida jamlagan koʻrgazmalar, milliy taomlarimiz va Xorazm nonlarining tayyorlanishi jarayonlarini aks ettiruvchi tadbirlar ham namoyish etildi.
Festivalning ikkinchi kunida milliy xalq oʻyinlari boʻyicha musobaqa, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmasi, “Oʻzbekiston Milliy raqs sanʼati” fotokoʻrgazmasi hamda stilist va sartaroshlar tanlovi tashkil etildi.
Shou tarzida oʻtkazilgan stilist va sartaroshlar tanlovi kasb egalari va moda ixlosmandlarining bayramiga aylandi.
– Mamlakatimizda moda sanoatining rivojlanayotgani kun sayin iqtidorli stilist va usta sartaroshlar, vizajistlarni kashf etayotir, – deydi F.Shomurodov. – Ayniqsa, ular tomonidan yaratilayotgan yangi koʻrinishdagi modern uslubi bilan bir qatorda millatimizga xos boʻlgan milliy uslub oʻziga xosdir.
“Raqs sehri” anʼanaviy xalqaro festivalining uchinchi kuni Urganch tumanidagi “Turkmanlar” mahallasida joylashgan “Oʻzbek-Turkman doʻstlik uyi”da “Raqs sanʼatida milliy anʼanalarning ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda raqs sanʼati tarixi va amaliyoti borasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan qator xorijiy davlatlar va mamlakatimiz olimlari, festival mehmonlari, talaba yoshlar ishtirok etdilar.
Konferensiyada ishtirokchilar oʻzbek milliy raqslari, xususan Xorazm raqs sanʼatining rivojlanish tarixi, mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
Ilmiy amaliy-anjumanda xalqaro eksperlar, sohaning taniqli vakillari soʻzga chiqdi.
- Men juda koʻp xalqlarning raqs sanaʼti boʻyicha maqolalar yozganman, - deydi Buyuk Britaniyalik jurnalist, blogger Rosa Verkone. – Ularning tarixini oʻrganganman. Bugungi konferensiyada ishtirok etar ekanman oʻzim uchun juda koʻp maʼlumotlar oldim. Endilikda, muntazam ravishda oʻzbek raqslarini targʻib qilib turaman. Chunki, shunday ajoyib madaniy merosni yashirin qoldirib boʻlmaydi. Uni butun dunyo oʻrganishi, kelajak avlodlar ham bahra olishi lozim.
Konferensiya soʻngida Doʻstlik uyi yaqinida joylashgan “Ulli hovli” majmuasida mehmonlar uchun milliy hunarmandchiligimiz koʻrgazmasi hamda Urganch tuman madaniyat boʻlimi, Oʻzbek-Turkman doʻstlik jamiyati va Qozoq milliy madaniy markazi hamkorligida konsert dasturi namoyish etildi.
Festivalining xalqaro raqs tanlovi ikki kun davom etdi. Unda turli mamlakatlardan va respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 100 dan ortiq raqqoslar oʻz ijodi va sanʼatini namoyon qilishdi.
- Mazkur tanlovning asosiy maqsadi raqs sanʼatini yanada rivojlantirish, uni yuksak darajaga koʻtarish orqali mamlakatimizda art-turizmni rivojlantirishdan iborat, - deydi Oʻzbekiston madaniyat vaziri oʻrinbosari. - Bundan tashqari, dunyoning isteʼdodli raqqos ijrochilari, baletmeysterlarini ragʻbatlantirish va ularning ijodini keng targʻib qilish hamda milliy raqs ijrochilari uchun zamonaviy raqs maktablarini yaratish koʻzda tutilgan. Shuningdek, ushbu festival nufuzini dunyo boʻylab keng targʻib etish va ishtirokchilar sonini yanada kengaytirish lozim.
Til va millat ajratmaydigan va tarjima talab etmaydigan raqs sanʼati tanlovida Angliya, Italiya, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Quvayt, Malayziya, Hindiston,Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlar vakillari ham qatnashdi.
Tanlov davomida har bir ishtirokchi va jamoalarning chiqishlari xalqaro toifadagi hakamlar tomonidan baholab borildi. Baxolashda chiqishning badiy va xoreografik jihatlari, ijro texnikasi va plastikasi, xissiyotlilik, aktyorlik mahorati, yuz mimikasi, musiqa, xoriografiya va liboslar uygʻunligi eʼtiborga olindi.
Quyosh nurli yuzini berkitib yurtimiz boʻylab oqshom tushdi. Shahru qishloqlarimizda sokinlik hukumron. Biroq, Ichan qalʼada obidalari uzra turli millatlarga xos musiqa va qoʻshiqlar yangradi. Oʻyin kulgu shodu hurramlik davom etdi. “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasining “Koʻhna Ark” maydonida katta gala konsert va turli nominatsiyalar gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boshlandi. Unga davlat va jamoat idoralari vakillari, mehnat faxriylari, faol yoshlar, xalqaro va respublika OAV hodimlari taklif qilindi.
Tantanali marosimda “Raqs sehri” xalqaro raqs tanlovining yakuniy natijalari eʼlon qilindi.
Uchinchi oʻringa “Lazgi”(Oʻzbekiston), “Namat” (Qozogʻiston), “Zebo” (Tojikiston) va “Kalitriti” (Hindiston) ashula va raqs ansambillari loyiq deb topildi. Ikkinchi oʻrinni Indoneziya raqs jamoasi, “Xorazm raqs” va Gruziyaning “Rustavi” jamoalari egalladi. Birinchi oʻrin Polsha va Turkmaniston raqs jamoalariga nasib etdi.
Ozarbayjonlik raqqoslar jamoasi esa xalqaro festivalning garan pri mukofotiga sazovor boʻldi.
Konsert dasturida xalqaro va mamlakatimiz sanʼati ustalarining jozibador chiqishlari barchaga xushnudlik bahsh etdi. Bir soʻz bilan aytganda zamonaviy ijod, betakror goʻzallik bayramiga aylangan festival tili va dili saʼantga oshufta diyorimizga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Dunyo raqqoslari jam boʻlgan Xiva esa bugun barchaning xavasini keltirmoqda.
OʻzA