Oʻzbekiston: 63 kompaniyadagi davlat ulushi sotiladi, 295 sub'yekt tugatiladi
Bu Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentyabrdagi 800-son qarorida nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda Norma.
63 ta jamiyatdagi davlat aksiyalari (ulushi) paketi ustuvor huquqlar qo‘llanmagan holda ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Mazkur holatda ularning boshlang‘ich bahosi quyidagilarga teng bo‘ladi:
• ushbu kompaniyalarning sof aktivlari ulushiga mutanosib ravishda;
• nominal qiymatga – sof aktivlar miqdori ularning ustav kapitali miqdoridan kam bo‘lsa.
Past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan 295 ta sub'yektga nisbatan tugatish yoki bankrotlik jarayonlari qo‘zg‘atiladi. Ular orasida 3,05 %dan 100 %gacha davlat ishtirokiga ega 51 ta mas'uliyati cheklangan jamiyat (tugatish yoki bankrotlik jarayonida aniqlashtiriladi) va respublika bo‘yicha turli idoraviy bo‘ysunuvdagi 244 ta davlat unitar korxonasi bor.
Tegishli ro‘yxatlarni hujjatga ilovadan topish mumkin. 1 noyabrga qadar vazirlik, idoralar va hududlar hokimiyatlari ushbu ro‘yxatlarda idoraviy bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari bor-yo‘qligini tekshirish uchun qo‘shimcha inventarizatsiya o‘tkazadilar va ro‘yxatlarga kiritilgan korxonalar tugatiladi.
Hujjat 24.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Kun.uz