O‘zbekistonda ayollar hech qachon kamsitilmaydi
Buning huquqiy asoslari gender tenglikni ta’minlashga oid yangi qonun bilan kafolatlandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot abadiyligiga asos bo‘lib keladi.
Shu bois, ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi.
Ayniqsa, yurtimizda aziz ayollarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rni va xizmatini munosib qadrlash, ularga eng yaxshi sharoitlarni yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat va davlat hayotida faol bo‘lishlarini rag‘batlantirish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilindi.
Ayniqsa, Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilandi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisida so‘zlagan nutqi xotin-qizlar masalasiga davlat siyosati darajasida qaratilayotgan e’tiborning yana bir yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Bu boradagi islohotlarga hamohang tarzda Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining tashkil etilgani esa mazkur yo‘nalishda parlamentning roli kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Qayd etish lozimki, yurtimizda xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga alohida ahamiyat berilayotgani bir qator muhim omillar bilan bog‘liq. Xususan, mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. Aniqroq aytganda, iqtisodiy faol aholi tarkibida ayollar ulushi 46 foizdan oshadi. Jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi sohalarda mehnat qilayotgan xodimlarning har 10 nafaridan 7 nafari ayoldir.
Biroq Oliy Majlis palatalarida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik va vakillik lavozimlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarimiz kamchilikni tashkil etayotgani ham sir emas.
Xalqaro hamjamiyatda keng foydalaniladigan “gender tenglik” tushunchasi – erkaklar hamda ayollar davlat va jamiyat hayotning barcha sohalari, jumladan, boshqaruv, qarorlar qabul qilish va xavfsizlik sektorida tenglik asosida ishtirok eta olishini nazarda tutadi.
To‘g‘ri, mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar tengligi mustahkam huquqiy asosga ega. Konstitutsiyamizda ularning teng huquqli ekanliklari kafolatlangan. Mehnat qonunchiligida ham gender tengligi belgilangan.
Biroq shunga qaramasdan mehnat bozorida munosib o‘rin egallash uchun xotin-qizlarning imkoniyatlari amalda ayrim sohalarda chegaralangan.
Savol tug‘iladi: qonunlarimizda xotin-qizlar va erkaklar tengligi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli emasmi?
Shu o‘rinda jahon tajribasiga nazar solsak, nufuzli Jahon iqtisodiy forumi har yili jamiyatdagi gender tafovut haqida hisobot tayyorlaydi. Ushbu hisobot ayollar va erkaklarning siyosiy hayotdagi o‘rni, iqtisodiyotda, ta’lim olishda va tibbiy xizmatlardan foydalanishidagi mavjud tafovutlarni hisobga oladi.
E’tibor bering, shu kunga qadar gender tafovut ko‘rsatkichlari keltirilgan 150 ga yaqin mamlakat ro‘yxatiga O‘zbekiston biror marta ham kiritilmagan.
Birgina shu faktning o‘zi ham yuqoridagi savolimizga javoban bu boradagi ishlarimiz yetarli emas, deyishimizga asos bo‘ladi.
Shu jihatdan 2019 yil 2 sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida sobitqadam bo‘lish, aniq natijaga yo‘naltirilgan maqsadli dasturlar ishlab chiqish hamda qonunda belgilangan tamoyillar asosida muhim natijalarga erishishga zamin yaratdi.
32 ta moddadan iborat ushbu qonunda “gender”, “gender statistikasi”, “gender-huquqiy ekspertiza”, “jinsiy kamsitish” tushunchalari va turlari; mazkur yo‘nalishda vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari; davlat boshqaruvida ishtirok etishda, ishga qabul qilish yoki yollashda, kreditlar olishda va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha normalar; gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda javobgarlik masalalari aks ettirilgan.
Qonunda erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilangan.
Qonunda alohida modda bilan jinsi bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydigan holatlar ham batafsil ochib berilgan.
E’tiborli jihati, qonunda normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasini o‘tkazishga oid alohida norma belgilangan. Bu esa, bugungi kunda qonun hujjatlari va ularning loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazib kelinayotgani kabi gender tenglik nuqtai nazaridan ham huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishiga asos bo‘ladi.
Qonunning yana bir muhim jihati, unda gender statistikasini shakllantirish mexanizmi ochib berilgan. Davlat statistika organlari mazkur statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish, ularni doimiy yangilab borish uchun vakolatli organ etib belgilangan.
Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi Vazirlar Mahkamasi va Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiyasining, shuningdek, davlat organlarining vakolatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtiroki belgilangan.
Qonunda xotin-qizlar va erkaklarni ishga qabul qilishga oid normalar belgilangan bo‘lib, ularga ko‘ra davlat xizmatidagi bo‘sh lavozimlarni, shu jumladan, rahbar lavozimlarini egallash uchun tanlov e’lon qilinadi. Buning uchun davlat organlarida maxsus komissiyasi tuzilib, nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha ish beruvchining majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgani ham qonunning muhim jihatlaridan biridir.
Qonun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha konvensiyasi talablariga mos keladi.
Milliy qonunchiligimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni kafolatlashga qaratilgan yaxlit qonunning mavjud emasligi uzoq yillardan beri xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tegishli tuzilmalarining keskin muhokamalariga, ta’bir joiz bo‘lsa, e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan.
Shu bois ham qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoida va tamoyillariga sodiqligini yana bir karra namoyon etib, dunyo hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonun erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni ta’minlashni tartibga solishda muhim qadam bo‘ldi.
Sayyora Baratova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar
va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi
O‘zA