“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” majmuida milliy mahsulotlarimizning “Made in Uzbekistan” (“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”) nomli xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur forum iqtisodiyotimizdagi eng so‘nggi yangiliklar, oxirgi yillarda sanoat tarmoqlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar namoyishiga bag‘ishlangani bois xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Zero, undan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi sanoat mahsulotlarini taqdim etish, mahalliylashtirish imkoniyatlari bilan tanishtirish, yirik ishlab chiqarish korxonalari hamda xususiy tadbirkorlik subyektlariga yurtimiz va xorijdan hamkorlar topish, chet el investorlarini jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yaqindan ko‘maklashish, pirovardida eksport salohiyatini yuksaltirishdan iboratdir. Shu bois ko‘rgazmaning ko‘lami g‘oyatda katta, mavzular kamrovi esa nihoyatda keng.
Darhaqiqat, unda kon-metallurgiya, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, avtomobilsozlik va mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, yengil sanoat, charm-poyabzal singari sanoatimizning yetakchi tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab korxonalar eksportbop mahsulotlari, butlovchi buyumlari va materiallari bilan ishtirok etyapti.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi eksport bo‘limi boshlig‘i Husan Saidjalolovning aytishicha, eng katta namoyish maydonlaridan biri mazkur tizim korxonalariga ajratilibdi. Bu yerda 15 dan ziyod korxonalar tomonidan ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan maishiy texnikalar, yuqori kuchlanishli elektr uskunalari, sim-kabel mahsulotlari namoyish etilmoqda.
— Bizning korxonamiz ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, endigina ikki yil to‘ldi, — deydi “Modern Lift Systems" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamron Uyg‘unov. — Ammo shu davr ichida buyurtmachilarga 1000 ta lift, 60 ga yaqin eskalatorlar yetkazib berdik. Eskalatorlarning 24 tasi Toshkent shahrida bunyod etilayotgan yer usti metrosining beshta bekatiga o‘rnatilmoqda.
Hozirgi kunda mahsulotlarimizni, asosan, ichki bozorga yetkazib berayotgan bo‘lsak, kelgusi yildan boshlab eksportga chiqarishni mo‘ljallab turibmiz. Masalan, Belarus Respublikasi bilan to‘rtta kelishuvga erishdik. Ayni paytda u yerda o‘z savdo tarmog‘imizni ochish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Bu kabi loyihalar ijrosida ushbu tadbir muhim bozor vazifasini o‘tamoqda.
“Uz-Koram Co” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ilk bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan innovatsion mahsulotlar ham hech kimni befarq qoldirmayapti. Bular, xalq tilida aytganda, po‘kakdan tayyorlangan bolalar stol-stullari, universal gilamchalar, dazmol taxtasi va termo qutilardir.
— Korxonamiz avtomobillarning plastmassa asosidagi butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, — deydi mazkur jamiyatning mahalliylashtirish sektori boshlig‘i Elyorbek Ashurov. — Yakinda “ko‘piradigan” polipropilen asosida ushbu xalq iste’moli mollari tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Granulalarni katta bosim ostida biriktirish orqali ishlab chiqarilayotgan bu buyumlar o‘ta mustahkam va yengil. Ekologik jihatdan esa bezarar. Qolaversa, foydalanish uchun juda qulay. Mazkur xom ashyo asosidagi mahsulotlarga talab yuqoriligini inobatga olib, turini ko‘paytiryapmiz. Hademay, bolalar karavotlari ham ishlab chiqariladi.
Ta’kidlash kerakki, forumda har bir hududning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun keng o‘rin berilgan. Tashrif buyuruvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan korxonalarning mahsulotlari bilan yaqindan tanishish, ishlab chiqarishga joriy etilgan innovatsion loyihalar haqida ma’lumot olish barobarida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishlari ham mumkin.
Ko‘rgazma Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan “KFK Collection” korxonasi uchun ham samarali kechmoqda. O‘tgan yili 5 million AQSh dollarilik mahsulot eksporti uchun shartnomalar imzolangan edi.
— Bu yil rejani bundan ham kattaroq olyapmiz, — deydi mazkur korxona rahbari Akramjon Shermatov. — Ya’ni 7 million AQSh dollaridan oshirmoqchimiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli. Ayni paytda kuniga 2,5 ming juft erkaklar va bolalar poyabzallari ishlab chiqarilmokda. Quvonarlisi, ularning 95 foizi eksportga yo‘naltirilgan. Tabiiy charmdan tayyorlanayotgan mahsulotlarimizga tashqi bozorda ortib borayotgan ehtiyojni inobatga olib, yaqinda yana bir zavodni ishga tushirdik. Unga xorijlik mutaxassislarni jalb qilib, mavsumiy poyabzallarning yangi modellarini o‘zlashtiryapmiz.
Ko‘rinib turibdiki, ko‘rgazma yangi quvvatlar paydo bo‘lishiga katta turtki bermoqda. Shuning barobarida, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, eng asosiysi, jahon bozorlariga chiqish uchun keng yo‘l ochmoqda.
Uch kun davom etadigan xalqaro ko‘rgazma doirasida seminarlar, mahsulotlar va xizmatlar taqsimotlari ham o‘tkazilmoqda. Xususan, uning birinchi kunida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida o‘rnatilgan 10 kVt quvvatli quyosh panellari va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan elektr uskunalarini tekshirish va nazorat qilish laboratoriyasining taqsimoti bo‘lib o‘tdi. Ular “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda Xitoyning “Zyejiang Chint Electrics” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan.
“Xalq so‘zi” gazetasi