Bitim imzolandi
2019-yilning 31-oktabr kuni TIVda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Buyuk Britaniyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlot O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Bitim keng qamrovli hujjat bo‘lib, u amaldagi huquqiy asosni saqlash va tomonlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilmiy-texnikaviy, moliyaviy va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Ushbu xalqaro hujjat Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishidan so‘ng O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligining shartnomaviy munosabatlari davomiyligini ta’minlashga va barcha sohalarda har tomonlama amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga imkon yaratadi.
Shartnoma tomonlarning ichki davlat jarayonlarining bajarilishi to‘g‘risidagi so‘nggi yozma ma’lumot olingan sanadan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab kuchga kiradi.
Hujjatda shartnomani kuchga kirgunga qadar vaqtincha qo‘llash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.