ShHT MATTning "Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik" mavzusidagi yettinchi xalqaro konferensiyasi
Toshkentda 6-7 noyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (ShHT MATT) “Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik” mavzusidagi yettinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar, ShHT kotibiyati hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada xalqaro terrorchilik tashkilotlari tug‘dirayotgan zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasida ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashildi. Xalqaro terrorizm va ekstremizm har qanday shakl va ko‘rinishda tinchlik va xavfsizlikka tahdid uyg‘otayotgani haqida yakdil fikr bildirildi.
Xalqaro terrorchilik tashkilotlarining qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning yangi turlarini, geolokatsiya va yo‘ldoshli aloqa vositalarini xarid qilish, terroristik faoliyatni amalga oshirish uchun uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar, sun’iy intellekt texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya yutuqlaridan foydalanish borasidagi urinishlariga e’tibor qaratildi.
“Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti tarmoqlarga yoyilib harakatlanish tamoyiliga o‘tgani, buning oqibatida dunyoning bir qator hududlarida, birinchi navbatda, Yaqin Sharq va Afg‘onistonda xavfsizlik sohasidagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq yangi tahdid va xatarlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Afg‘oniston hududida o‘rnashib olgan xalqaro terrorchilik tashkilotlari vakillari ShHTga a’zo davlatlar chegaralariga tobora yaqinlashayotgani, shuningdek, o‘zlari kelib chiqqan mamlakatga qaytib, “uxlab yotgan” xatarli nuqtalarni qayta jonlantirayotgani tashvish uyg‘otmoqda.
Tadbirda bu kabi xatarlarni bartaraf etish maqsadida jangarilar oila a’zolarini kelib chiqqan davlatiga qaytarish va reabilitatsiya qilishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ijtimoiy o‘ziga xosligi bois mafkuraviy ta’sirga beriluvchan hamda terrorchilik va ekstremistik faoliyatga jalb qilishga moyil yoshlarning radikallashuviga qarshi kurash sohasida tajriba almashildi.
Muloqot chog‘ida internet tarmog‘idan terrorchilik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurash, yot g‘oyalar tarqalishining oldini olishda xalqaro hamkorlikni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Axborot almashish, terrorizm xavfini aniqlash, o‘zaro kelishilgan tezkor amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish, chegara nazoratini kuchaytirish, aksilterror tuzilmalar uchun kadrlar tayyorlash, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, aksilterror hamkorlikning xalqaro huquqiy-me’yoriy asoslarini takomillashtirib borish maqsadida o‘zaro munosabatlarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Konferensiya majlislarida terrorizmni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha xatti-harakatlarni har tomonlama muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi. Xalqaro terrorchilarning transmilliy uyushgan jinoyatchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hisobidan daromad olgani, moliyaviy mablag‘larni to‘plash uchun "Western Union", "American Express", "PayPal", "Yandeks.Dengi", "VisaTransfer" kabi elektron to‘lov tizimlaridan, shuningdek, kraundfanding onlayn platformasi va "Xavala" norasmiy hisob-kitob tizimidan foydalanganiga e’tibor qaratildi.
ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining amaliy hamkorlik masalalarida ilmiy yo‘nalishdagi sherikligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Transmilliy xususiyatga ega terrorchilik xavfi ortib borayotgan bir sharoitda ShHT MATT tomonidan o‘tkazilayotgan an’anaviy anjuman xalqaro muloqot uchun qulay platformaga aylandi.
Ishtirokchilarning aksilterror faoliyati bo‘yicha fikr-mulohaza va tajriba almashishi xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Bu esa terrorizm xavfi o‘sib borishini har tomonlama xolis baholash, ularga o‘z vaqtida javob qaytarish va oldini olish choralarini ko‘rish imkonini beradi.
ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlarning xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni shakllantirishi yangi tahdid va xavf-xatarlarga munosib javob qaytarish choralarini ko‘rishga ko‘maklashadi.
Ishtirokchilar anjuman yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etib, ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasiga minnatdorlik bildirdi.
O’zA