Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi – ezgu maqsaddagi birlashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida “O‘zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishi – turkiy dunyo taraqqiyotining yangi sahifasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va ochiq tashqi siyosat borasida olib borayotgan tashabbuslari tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.
Xalqaro maydonda bundan o‘n yil oldin tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bugungi kunda tobora nufuzi oshib bormoqda. Ushbu kengashning joriy yil 15 oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi sammitida O‘zbekiston ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi mamlakatimiz uchun tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik doirasidagi yangi qadam bo‘ldi.
Tashkilot kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan. Tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik-xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.
Xo‘sh, mazkur kengashga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi?
Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi to‘rt yilda ushbu kengashga a’zo davlatlarning o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 22 foizga o‘sdi. A’zo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti 1,5 trillion dollarni tashkil etadi. Boku porti orqali yuk tashish hajmi 15 million tonna bo‘lib, keyingi 5 yilda 25 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu jarayonlarda O‘zbekistonning faol ishtirok etishi har tomonlama mintaqaviy hamkorlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tuzilmaga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish imkonini ham beradi. Shu o‘rinda aytish joizki, turkiy davlatlardan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi ham tobora ortib borishiga zamin yaratiladi.
O‘zbekistonning ushbu kengashga a’zo bo‘lib kirishi mazkur tashkilot uchun ham juda ahamiyatlidir. Chunki O‘zbekiston ishtiroki kengash doirasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning yanada rivojlanishi hamda tashkilotning institutsional tuzilma sifatida ham mintaqaviy, ham xalqaro mavqei yuksalishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston 33 millionlik aholiga ega bo‘lib, mintaqaning muhim iste’mol bozori ham sanaladi, tashkilotda Turkiyadan so‘ng aholi soni jihatdan ikkinchi o‘rinda turadi. Umumiy aholi sonining ortishi har qanday tuzilmaning xalqaro aloqalardagi o‘rnini mustahkamlaydigan muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston kabi ko‘p sonli aholiga ega davlatning tashkilotga a’zo bo‘lishi tashkilot doirasidagi o‘zaro aloqalarga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Qolaversa, mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashgan bo‘lib, mintaqaning barcha davlatlari bilan chegaradoshdir. Shu ma’noda, O‘zbekistonning Turk kengashidagi ishtiroki transport-logistika masalalarida tashkilotning faoliyati natijadorligini yanada kuchaytiradi. Kengashga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Ayniqsa, tashqi savdo yuklarini tashishda Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar uchun o‘zaro kelishilgan chegirma va imtiyozlarni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish taklifi o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.
Bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlar bilan mamlakatimiz o‘rtasida nafaqat madaniy-ma’naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu nuqtai nazardan, tashkilot doirasida ham ko‘p tomonlama hamkorlikni amalga oshirish katta natija beradi. Shuningdek, tashkilotga kiruvchi davlatlar bilan tor doiradagi mintaqaviy hamkorlik O‘zbekiston pozitsiyasi, tashabbuslarining boshqa universal xalqaro tashkilotlar doirasida ham qo‘llab-quvvatlanishi imkoniyatini yaratadi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashining yettinchi sammitida ishtirok etgan davlatimiz rahbari bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi. Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqida yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish Markaziy Osiyo – Turkiya transport yo‘lagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun salmoqli imkoniyatlar yaratishini, “Boku – Tbilisi – Kars” yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Sayyohlik va turizmni rivojlantirish borasida hamkorlikni jadallashtirish maqsadida kengash tomonidan o‘tgan yili ishlab chiqilgan “Zamonaviy Ipak yo‘li” sayyohlik dasturi mamlakatimizning turizm salohiyatini oshirishga keng imkoniyat yaratadi. 2020 yilda ko‘hna Xiva shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi, o‘z navbatida, qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy do‘stligimizni mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi.
O'zA