Moskva va Kvandju shaharlarida qo‘shimcha saylov uchastkalari tuzildi
Xalqaro matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva va Kvandju shaharlaridagi vakolatxonalarida qo‘shimcha saylov uchastkalarini tuzish va ularni tegishli saylov okruglariga biriktirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 54-saylov uchastkasi va Kvandju shahridagi vakolatxonasida saylovni o‘tkazuvchi 55-saylov uchastkasini tuzish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Moskva shahrida tuzilgan 54-saylov uchastkasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 145-Bodomzor saylov okrugiga, agentlikning Kvandju shahrida tuzilgan 55-saylov uchastkasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 146-Astrobod saylov okrugiga biriktirildi.
Yig‘ilishda Koreya Respublikasida tuzilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish va Koreyadagi vatandoshlarimizning saylovda ovoz berish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen videokonferensaloqa orqali batafsil axborot berdi.
Koreyadagi saylov uchastkalari soni bugungi kungacha bittani tashkil etib, u Seul shahrida joylashgan edi. Markaziy saylov komissiyasi qaroriga muvofiq Kvandju shahrida ham saylov uchastkasi ochilgani Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, saylovchilarning saylovda o‘zlari xohlagan nomzodga erkin ovoz berishini ta’minlash bo‘yicha barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Saylov uchastkalarida xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ishlar qilinmoqda. Saylov kodeksiga muvofiq elchixona tomonidan dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning saylovchilar ro‘yxatini tuzish boshlangan.
Ushbu muhim siyosiy jarayonga oid ma’lumotlar bilan tanishish istagida bo‘lgan O‘zbekistonning Koreyadagi fuqarolari endilikda elchixonaning rasmiy veb-saytidan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Koreya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan mehnat jamoalari, turli ta’lim dargohlari hamda yoshlar o‘rtasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, saylovchilar saylov.mfa.uz manzili orqali oldindan elektron ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda 2,5 milliondan ziyod fuqarolarimiz xorijga chiqib ketgan. Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini ta’minlashga doir bir qator ishlar qilinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 55 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Ular Toshkent shahrida tuzilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 12 saylov okrugiga biriktirildi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida elektron shaklda murojaat qilish imkoni yaratildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida 22 dekabrda bo‘ladigan saylovlarni samarali tashkil etish bo‘yicha Harakatlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, xorijdagi saylov uchastkalarining saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, xorijdagi uchastka saylov komissiyalari tomonidan muddatidan oldin ko‘chma saylov qutisida ovoz berishni tashkil etish, saylov kuni amalga oshiriladigan vazifalar va ovozlarni sanash qoidalari batafsil yoritilgan.
Xususan, saylovchilarning birlamchi ro‘yxatini tuzishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi xorijiy davlatlarga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mamlakatlar kesimida shakllantiradi hamda Tashqi ishlar vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga elektron shaklda taqdim etadi.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati bilan tanishish usullari, joyi, vaqti va saylovchilar ro‘yxatida yo‘q fuqarolarni unga kiritish tartibi to‘g‘risida diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari orqali saylovchilarni xabardor etadi.
Majlisda qayd etilganidek, bu yilgi saylovlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 57 davlatdan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli, 30 nafar uzoq muddatli, shuningdek, boshqa davlat va xaqaro tashkilotlardan 300 ga yaqin, jami 600 nafardan ziyod kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq MDH davlatlari missiyasidan 7 nafar va YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining 42 nafar xalqaro kuzatuvchisi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari davom etmoqda. 2019 yilning 26 noyabr holatiga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 233 taga yetdi. Xuddi shunday vakolatga ega bo‘lgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 67 tani tashkil etmoqda.
Majlisda, shuningdek, komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 87-Angren okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 87-Angren okrug saylov komissiyasi raisi Furqat Isroilov bergan shaxsiy arizasiga muvofiq, o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilindi.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining tavsiyasiga ko‘ra ushbu okrug saylov komissiya raisining o‘rinbosari Esanali Karabaev komissiya raisi, Angren transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abduhakim Mamataliev komissiya raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O'zA