Milliy komissiya joriy yildagi faoliyatini sarhisob qildi
Maʼlumotlarga koʻra, jahonda har yili taxminan 4 millionga yaqin kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Yiliga 600 ming nafardan 800 ming nafargacha ayollar va bolalar turli aldov yoʻllari bilan chet ellarga olib ketilib, ekspluatatsiya qilish maqsadida sotib yuborilmoqda. Mazkur raqamlarning oʻzi ushbu transmilliy jinoyatga qarshi kurashish naqadar muhim ahamiyat kasb etishini koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda ham odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Milliy komissiya odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish boʻyicha ish olib bormoqda.
Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi majlisi boʻldi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Majlis kun tartibi doirasida Milliy komissiya tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi, uning faoliyatiga oid istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Milliy komissiya tomonidan aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borildi. Milliy komissiya va kichik komissiyalar faoliyatini tartibga soladigan nizomlar tasdiqlandi, joylarda hududiy komissiyalar tuzildi, ularning ishlashi uchun barcha huquqiy asoslar yaratildi.
Milliy komissiya va uning kichik komissiyalari, hududiy komissiyalar tizimli ishlashini yoʻlga qoʻyishga, davlat tashkilotlari va jamoat tashkilotlarining bu yoʻnalishdagi hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan choralar koʻrildi. Jumladan, 2019-2020-yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi (Yoʻl xaritasi) tasdiqlandi.
Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSH davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida Oʻzbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.
Milliy qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqilib, joriy yil 14-dekabrda Senat tomonidan maʼqullandi.
Bundan tashqari, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Majlis doirasida ushbu qonun loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.
Majlisda qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqish, belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va kelishish borasidagi ishlarga yetarli eʼtibor qaratilmagan. Milliy komissiyaning 2019-yil 9-oktyabrdagi 2-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “2019-2020-yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi” hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston Respublikasining ahvolini yaxshilash, shuningdek, bu borada qoʻrilayotgan choralarning yanada samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Shu bilan birga odam savdosidan jabr koʻrganlarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish ishlarida ham sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.
Muhokamada Milliy komissiya aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Ichki ishlar vazirligiga qonun loyihasini takomillashtirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, xorijda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokama etildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyalarning hisobotlari eshitildi.
Ichki ishlar vazirligining axborotiga koʻra, joriy yilda odam savdosi bilan bogʻliq 84 jinoyat aniqlangan. Jinoyatlarning 88 foizi ayollar tomonidan sodir etilgani achinarli hol. Bu jinoyatlardan 125 nafar fuqaro jabr koʻrgan. 211 nafar odam savdosi jabrdiydalari reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan. Lekin bu yoʻnalishda hali muammolar yetarli ekanligi qayd etildi. Xususan, reabilitatsiya markazlarida bemorlar hamda odam savdosi jabrdiydalari profilaktikasi uchun yetarli sharoitlar yoʻq. Ularni dori-darmon vositalari bilan taʼminlash uchun mablagʻ yetarli emas. Ushbu muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha Sogʻliqni saqlash hamda Moliya vazirliklariga topshiriq berildi.
Milliy komissiya faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga rioya etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlardan keng jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida tasdiqlangan media-reja tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan faoliyat toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari tomonidan xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish ishlari haqida ham soʻz yuritildi. Milliy komissiyaning rasmiy veb-saytini ishga tushirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
OʻzA