8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab, milliy davlatchiligimizni tiklash, davlat tuzilmalarini tashkil etish hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga kirishilgan.
Bunda asosiy eʼtibor huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jumladan, prokuratura organlarini sobiq Ittifoq boʻysunuvidan chiqarib, mustaqil Oʻzbekistonning milliy davlat organlari sifatida qayta tashkil etishga qaratilgan.
Bu saʼy-harakatlar natijasida 1992-yil 8-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari toʻgʻrisida“gi farmoni qabul qilindi hamda sobiq Ittifoq qaramogʻidagi Oʻzbekiston SSR prokuraturasi mustaqil Oʻzbekiston prokuraturasiga aylantirildi.
Oʻtgan davrda prokuratura organlarining faoliyati islohotlarga hamohang tarzda takomillashtirib borildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli va misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi uch yilda prokuratura organlari faoliyati bilan bogʻliq 20 ga yaqin qonun, farmon, qaror va farmoyish qabul qilindi.
Birgina misol, Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 19-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni imzolandi.
Eng muhimi, bu haqdagi qonun Yurtboshimiz Prezident sifatida imzolagan birinchi qonundir.
Prokuratura organlari xodimlarining kasbiy bayrami sifatida belgilangan kun prokuratura organlarida xizmat qiladigan barcha xodimlar, jumladan faxriylari qalbidagi orzu-umidlar roʻyobga chiqqan qutlugʻ sanadir.
Taʼkidlash joiz, prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, umuman, barcha yoʻnalishlarda salmoqli ishlar qilinmoqda va muhim natijalarga erishilmoqda.
Bugun prokuratura organlari xodimlari zimmalariga yuklatilgan har qanday vazifani bajarishga vijdonan, sadoqat va yuksak masʼuliyat bilan yondashmoqda desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Birgina 2019-yil davomida qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida 77 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilgan, 134 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.
20 mingdan ortiq noqonuniy hujjatlar prokurorlarning protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirilgan, tegishli idoralarga 16 mingga yaqin taqdimnomalar kiritilgan.
Qonun talablarini buzgan 40 mingga yaqin shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1.709 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Prokuror tekshirishlari va jinoyat ishlari tergovi davomida jami 2 trln. 300 mlrd. soʻmdan ortiq zararning qoplanishi taʼminlangan.
Prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, har bir xodimi Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, olijanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni boʻlib, faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qilishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
OʻzA