Samarqand viloyati: Odamlar islohotlar samarasini o‘z turmushida ko‘rmoqda
Yakunlangan 2019-yil Samarqand viloyati uchun jiddiy o‘zgarishlar yili bo‘ldi, desak, mubolag‘a qilmaymiz. Garchi natijalar hali mavjud imkoniyat darajasida bo‘lmasa-da, odamlar islohotlar samaralarini o‘z turmushida sezayotganliklarini bildirishmoqda. Bu Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufaylidir.
Darhaqiqat, birgina besh yillik dasturilamal hujjat — Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasidagi ishlar tizimli, bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarilmoqda. Misol uchun, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash masalasini oladigan bo‘lsak, 2019 yilning o‘zida 3819 ta oila yangi uyga ko‘chib kirdi. Ularning 284 tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolar ekanligi e’tiborga molikdir. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 591 ko‘p qavatli uyda ta’mirlash va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari asosida 42 ta qishloq, 6 ta mahalla va bitta tuman markazida aholiga zamonaviy yashash sharoiti yaratildi. Shu o‘rinda bu loyihalarda mahalliy sarmoyadorlar, aholining faol ishtirokini aytib o‘tish joiz.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, yil davomida odamlar dardini, talab-istaklarini o‘rganish, aholining farovon turmushini ta’minlash asosiy maqsadimiz bo‘ldi. Viloyatda bu vazifalar ijrosining qat’iy tizimi yaratildi. 2019-yil davomida viloyat hokimining mutasaddilar bilan birgalikda tuman va shaharlarda 20 marta ommaviy sayyor qabuli o‘tkazilib, yuzma-yuz muloqotlar natijasida 5087 nafar fuqaroning 5853 muammosiga yechim topildi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining yechimi yuzasidan ham ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, viloyat aholisi tomonidan o‘tgan yili sayyor qabullarda, virtual qabulxona, “Ishonch telefoni”, “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi va boshqa shakllarda 57654 ta murojaat tushgan bo‘lsa, ularning 89,3 foizi, ya’ni 51498 tasi ijobiy hal etildi. Birgina “Telegram” messenjeri orqali 2019 yilda viloyat hokimligi nazorati ostida mas’ul mutasaddilar tomonidan fuqarolar 11235 ta murojaatining 84,5 foiziga, ya’ni 9496 tasiga ijobiy yechim topilib, odamlarning roziligiga erishildi.
Bundan tashqari, ishchi guruhlar qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla yurib, aholi muammolarini joyida o‘rganib, hal qilish chora-tadbirlari ko‘rildi. Barcha murojaatlar, shuningdek ,davlatimiz rahbari viloyatimizga qilgan tashrifi chog‘ida oldimizga qo‘ygan vazifalar ijrosi “Yo‘l xaritasi” tarzida nazoratga olinib, uning bajarilishi bo‘yicha har oyda jamoatchilikka axborot berib borildi. Bu ishga deputatlar, OAV xodimlari, blogerlar jalb etildi.
Viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, shahar va tumanlardagi sektorlar rahbarlarining qat’iy jadval asosida chekka hududlarda, mahallalarda sayyor qabul uyushtirishi, mahalliy televideniyeda ochiq muloqot o‘tkazishi natijasida ko‘plab muammolar qisqa muddatlarda hal etildi. Jumladan, 300 dan ortiq maktablarda isitish tizimi yangilangani, 334,8 km. umumfoydalanishdagi yo‘llarga, 316,3 km. ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilgani ana shu sa’y-harakatlar samarasidir. Ushbu ko‘rsatkichlar 2018 yilda 236 km. umumfoydalanishdagi yo‘llarni va 157 km. ichki yo‘llarni tashkil etgan edi.
Kommunal sohadagi yumushlarning asosiy qismi aholi tomonidan joylarda bildirilgan talablar asosida amalga oshirildi. Xususan, 83 ta qishloqqa ilk bor toza ichimlik suvi tarmog‘i olib borildi. Xuddi shunday, murojaatlardan kelib chiqib, Jomboy va Oqdaryoda bittadan, Samarqand shahrida uchta zamonaviy avtoshohbekat qurilyapti. Joriy yildan boshlab viloyat bo‘yicha 300 ga yaqin zamonaviy avtobuslar shahar va qishloqlar oralig‘ida qatnash uchun yo‘nalishlarga kiritiladi.
Shuningdek, bir yil ichida 1007 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi, jumladan, 33 ta davlat, 35 ta nodavlat (xususiy), 47 ta davlat-xususiy sheriklik va 892 ta uy bog‘chasi ochildi. Bolalarni bog‘chalarga jalb etish 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 50,4 foizga yetkazildi. Vaholanki, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davrida atigi 28,1 foizni tashkil etardi.
Madaniyat sohasidagi ishlarimiz ham aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xayriya aksiyalar tarzida maktab kutubxonalariga 118238 dona badiiy adabiyot sovg‘a qilindi. Barcha tumanlarda zamonaviy “Yoshlar kutubxonasi” foydalanishga topshirilib, ularda jami 108 ming dona kitob fondi yaratildi. Viloyatning bosh kutubxonasi ta’mirdan chiqarilib, eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan “Nurafshon” madaniyat saroyi ta’mirlanib, yangicha qiyofa kasb etdi. Eng so‘nggi texnika va jihozlar bilan ta’minlanib, barcha qulaylik yaratildi.
Dehqonchilik viloyat xalq xo‘jaligining katta qismini tashkil etadi. Xozir hududda 8 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat ko‘rsatyapti. 2019 yilda 235 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilindi. Bu 2018-yildagiga nisbatan 2,4 baravar ko‘pdir.
2022-yilda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi va sayyohlik industriyasini rivojlantirish rejalariga muvofiq, ko‘hna shahar va uning atrofida katta bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Viloyat markazida ichimlik suvi, oqova suv, tabiiy gaz, elektr tarmoqlari, yer osti yo‘llarini tubdan yangilash nihoyasiga yetay deb qoldi. Samarqand eshkak eshish kanali atrofida 360 gektarlik maydonda xorijlik va mahalliy sayyohdar uchun turistik markaz barpo etilayotir.
Darvoqe, 2019-yilda viloyatda 32 ta mehmonxona foydalanishga topshirildi. 150 ta mehmon uyi faoliyat boshladi.
Iqtisodiyot sohasida ham eksport hajmi ortib bormoqda. Xususan, 2019-yilgi investitsiya dasturi asosida 153 ta korxona xorijiy sarmoya ishtirokida yangidan tashkil etildi. Hozir viloyatimizda dunyoning 59 davlati bilan hamkorlikda 520 ta qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Eron, Buyuk Britaniya, AQSh, Qozog‘iston, Germaniya davlatlari korxonalari bor. Yangi quvvatlarning aksariyati mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, haftaning har dushanbasi “Tadbirkorlar kuni” va chorshanbasi “Investorlar kuni” deb belgilangan. Bu tadbirkorlar muammolarini o‘z vaqtida hal etish imkonini berayotir.
Aholi bandligini ta’minlash yil davomida asosiy e’tiborda bo‘ldi.
Eng avvalo, nogironligi bo‘lganlar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun ularni muayyan kasb-hunarga o‘rgatish, malakasini oshirish choralari ko‘rildi. Birgina Samarqand shahrida o‘tgan 2019 yilda 5067 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, viloyatda bu raqam 32505 taga yetkazilgani quvonarli hol, albatta. Yangi ish o‘rinlarining asosiy qismi xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratildi, to‘rtta tuman markazida har biri o‘rtacha 150 ish o‘rinli tikuvchilik korxonalari ochildi. Bu ishlar viloyatimiz bo‘ylab davom etyapti.
Joriy yilda viloyatda 380,8 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlanadi va asfalt yotqiziladi. Qorasuv massivi 100 ming kishilik shaharcha sifatida shakllanadi. Bu yerda istirohat bog‘i, maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi, yirik savdo markazi, kutubxona barpo etiladi. Rasmiylashtirilgan hamkorlik shartnomalariga muvofiq, 100 dan ortiq xorijiy korxonalar ish boshlaydi.
Bularning barchasi 2020-yil Samarqanda ulkan bunyodkorlik yili bo‘lishidan yaqqol dalolatdir.
Erkinjon TURDIMOV,
Samarqand viloyati hokimi
“Xalq so‘zi” gazetasi