Barcha xizmatlar uchun yagona boʻlgan elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoyani ilgari surgan edi. Maqsad odamlarimizning ogʻirini yengil qilish, har qanday qulayliklar yaratishdan iborat.
Buning uchun, avvalo, rasmiy idoralarga u yoki bu yumush bilan murojaat qilgan aholining vaqti va mablagʻini tejash, ayniqsa, sarson-sargardonlikka barham berish, qolaversa, korrupsiyani bartaraf etish maqsadlarida davlat xizmatlari koʻrsatishning yaxlit, zamonaviy, ishonchli tizimini yaratishga kirishildi.
Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 12-dekabr kuni “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.
Hozirda mamlakatimiz boʻylab Agentlik tasarrufidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Oddiy odamlar uchun qulay, koʻrkam boʻlgan 80 dan ortiq innovatsion binolar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelayotgan boʻlsa, bugungi kunda yana 94 ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) qulay va shaffof tarzda sayyor xizmatlar ham koʻrsatilyapti.
Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali “yagona darcha” tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017-yilda aholiga koʻrsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 13 milliontadan oshgan.
Eng koʻp murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar boʻyicha hujjatlar soni 112 tadan 52 taga kamaytirildi, xizmat koʻrsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirildi.
Masalan, ilgari haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun pasport, tibbiy maʼlumotnoma, imtihon varaqasi, eski guvohnoma, rasm va eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida toʻlov talab qilingan. Endilikda esa faqat uchta narsa: eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni, bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi hajmida toʻlov kerak, xolos.
Oʻtgan yil 1-iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qatʼi nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Bu odamlarga juda katta qulaylik yaratib, sarsongarchilikdan xalos etdi.
Masalan, Toshkentdagi universitetga Nukusdan kelib hujjat topshirish uchun kamida 2 million soʻm xarajat qilingan boʻlsa, hozirda istalgan markazga murojaat qilish kifoya.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, 94 ta yangi markaz barpo etilishini aksar hollarda xususiy sektor bilan sheriklikda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu dastlabki qadamlar ekani, aholiga qulayliklarni yanada koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.
Avvalo, “yagona darcha” tamoyili toʻliq ishlashi uchun barcha davlat xizmatlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishi va maʼlumotlar raqamlashtirilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Hozirgi kunda davlat xizmati koʻrsatuvchi 80 ta idoradan atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan oʻzaro integratsiya qilingan. 53 idorada maʼlumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sogʻliqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bogʻliq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron maʼlumot bazasi shakllanmagan.
Shunday maʼlumot almashinuvi yoʻqligi sababli 2019-yilda qurilish, tabiiy gaz, issiq suv va ichimlik suvi taʼminoti borasida xizmat koʻrsatish muddatlari buzilgan.
Shu bois yigʻilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bogʻliq axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025-yilgacha toʻliq elektron xizmat koʻrsatishga oʻtish maqsad qilib qoʻyildi.
Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Xorijiy tajribani qoʻllagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qoʻshimcha kompleks xizmatlar koʻrsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi.
Misol uchun, farzand tugʻilishi bilan unga tugʻilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga roʻyxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qoʻyish, bolalar bogʻchasiga navbat kabi xizmatlar biryoʻla taqdim etilsa, ota-onalarga gʻoyat qulay boʻladi.
Yigʻilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi.
Prezidentimiz koʻplab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tugʻdirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng ogʻriqli nuqtasi ekanini taʼkidladi.
Elektron raqamli imzodan kompyuter orqaligina foydalanish mumkin. Tadbirkor roʻyxatdan oʻtish uchun soliq idorasi kaliti, bojxona hujjatlari uchun bojxona kaliti va hisob raqami bilan ishlash uchun bankning elektron raqamli imzosini olishi shart. Bu kalitlarni olish uchun har bir idoraga alohida-alohida borib, uni xarid qilishi, tagʻin muayyan muddatda yana mablagʻ sarflab yangilashi kerak.
Prezidentimiz tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qoʻyildi. Shu yil 1-iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona boʻlgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
OʻzA