Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
Oʻz hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulugʻ va olijanob ishga bagʻishlagan siz, azizlarni, butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz avvalo oʻz jangovar postida doimo hushyor va sergak turib, yurtimiz sarhadlarini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan mard va jasur, sodiq oʻgʻlonlarimizni, fidoyi ota-bobolarimizni, haqiqiy vatanparvar insonlarni sharaflab, ularning shaʼniga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Ana shunday botir va jonkuyar farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan hurmatli ota-onalarga, harbiy xizmatchilarimizga oʻz muqaddas burchini ado etishda hamisha togʻdek tayanch boʻlib kelayotgan ularning oila aʼzolariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
Armiyamizning kuch-qudrati harbiy xizmatchilar bilan butun jamiyatimizning birligi va hamjihatligida, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Mana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, hech qanday yovuz kuch Oʻzbekiston mustaqilligiga, tinch va osuda hayotimizga raxna sololmaydi, bizni demokratik oʻzgarishlar yoʻlidan ortga qaytara olmaydi.
Muhtaram doʻstlar!
Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotining mustahkam kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari oʻtgan 28 yilda gʻoyat murakkab va ayni paytda shonli shakllanish yoʻlini bosib oʻtdi.
Ayniqsa, keyingi yillarda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanib bormoqda.
Mintaqamizda ochiqlik va milliy manfaatlarni oʻzaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan yangi siyosatni amalga oshirish doirasida Qurolli Kuchlarimiz Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridagi hamkasblari bilan yaqin sheriklik aloqalarini oʻrnatdi va mustahkamlamoqda. Soʻnggi yillarda biz bir qator qoʻshma oʻquv mashgʻulotlarini birgalikda oʻtkazdik. Shuningdek, yuqori darajadagi harbiy delegatsiyalarning tashriflarini tashkil etdik, tezkor va jangovar tayyorgarlik borasida tajriba almashdik.
Bizning tobora kuchayib borayotgan bunday hamkorligimiz bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni, Markaziy Osiyo deb atalmish umumiy uyimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning muhim omiliga aylanib bormoqda.
Dunyodagi eng yuksak standartlar darajasida tashkil etilgan uzluksiz harbiy taʼlim tizimi izchil rivojlanmoqda. Hozirgi paytda yangitdan tuzilgan, mohiyat eʼtibori bilan noyob boʻlgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mamlakatimizning zamonaviy oliy taʼlim muassasalari qatoridan munosib joy egalladi.
Shu bilan birga, boshqaruvning tezkor-strategik boʻgʻinida xizmat qiladigan ofitser kadrlarni tayyorlaydigan yangi fakultet tashkil etildi, Qurolli Kuchlar akademiyasida qoʻshimcha taʼlim infratuzilmalari foydalanishga topshirildi. Maxsus vazifalarni bajaradigan boʻlinmalar uchun harbiy xizmatchilar tayyorlaydigan oʻquv markazini tashkil etish jarayoni nihoyasiga yetkazilmoqda.
Milliy gvardiyaning Harbiy-texnik instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda.
Jangovar tayyorgarlikning modernizatsiya qilingan, moslashuvchan tizimini joriy etish bilan uygʻun holda, Qurolli Kuchlarning yangi tashkiliy tuzilmaga oʻtkazilishi milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini bir necha barobar oshirdi.
Bugungi kunda bizning harbiylarimiz oʻzlarining professional tayyorgarlik darajasi boʻyicha jahondagi yetakchi mamlakatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini soʻzda emas, amalda isbotlamoqda. Xalqaro harbiy oʻquv musobaqalarida, armiyalar oʻrtasidagi va sport bellashuvlarida Oʻzbekiston vakillari oʻzlarining mahorati, ruhan baquvvatligi, gʻalabaga boʻlgan irodasini namoyon etmoqda, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini yaqqol koʻrsatmoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi butun Oʻzbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlarimizda milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uygʻotmoqda.
Milliy armiyamizni qurol-yarogʻ va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlashga qodir boʻlgan mudofaa-sanoat kompleksimizni yanada rivojlantirish boʻyicha vazifalar bosqichma-bosqich hal qilinmoqda.
Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi va jangovar oʻq-dorilar ishlab chiqaradigan korxonaning modernizatsiya qilingani va texnik qayta jihozlangani bunga yaqqol misol boʻla oladi, ularda qayta tashkil etilgan ilmiy-texnik salohiyat esa mazkur tarmoqlarda ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini shakllantirishning asosiga aylanib bormoqda.
Iqtisodiyotning toʻlaqonli mudofaa sektorini shakllantirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarimiz yaqin istiqbolda nafaqat milliy armiyamizni qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash, balki qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Xalq va armiya oʻrtasida ishonchli koʻprikka aylangan harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatida muayyan yutuqlar koʻzga tashlanmoqda. Ushbu sektorlar tashkil etilganidan buyon “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan shior ostida harbiy infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolarni hal etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega boʻldi, moddiy taʼminot xizmatlari sohasiga autsorsing tizimi joriy etildi. Oʻtgan uch yil davomida 8 mingdan ziyod harbiy xizmatchilar oilalarini qulay va shinam kvartiralar bilan taʼminlash uchun 275 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etildi, harbiy xizmatchilarning ayollari uchun qariyb 600 ta yangi ish oʻrni yaratildi, 1 ming 900 nafar harbiy pensioner ishga joylashtirildi.
Armiyamiz unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga faol kirishganini alohida qayd etishni istardim. “Vatanparvar” va “Faxriylar” singari tashkilotlar, shuningdek, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish hamda ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish boʻyicha gʻoyat zarur boʻlgan ishlarni birgalikda davom ettiradi, deb ishonaman.
Shu oʻrinda Qurolli Kuchlar faoliyati ustidan fuqarolik nazoratini kuchaytirish zarurligini taʼkidlamoqchiman. Bugungi kunda mamlakatimiz parlamenti oʻzining kengaytirilgan vakolatlari doirasida “Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi qonun va mudofaa sohasidagi boshqa huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilmoqda. Oʻtgan yili Oliy Majlis Senati tomonidan Qurolli Kuchlarning qurilishi va rivojlanishi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtashiga doir dolzarb masalalar yuzasidan harbiylashgan vazirlik va idoralar rahbarlarining maʼruzalari bir necha bor eshitilganini taʼkidlash lozim.
Qadrli yurtdoshlar!
Jahondagi vaziyat shiddat bilan oʻzgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol keskinlashib, xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib borayotgani bizdan xalqaro va mintaqaviy vaziyatni har tomonlama tahlil va prognoz qilishni, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni koʻrishni talab etmoqda.
Davlat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, jangovar tayyorgarlikni tashkil etish samaradorligini oshirish, Qurolli Kuchlarni eng yangi qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, mamlakatimiz mudofaa-sanoat kompleksini rivojlantirish boʻyicha faol olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish zarur.
Biz yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash, oʻquv-tarbiya jarayonlariga ilgʻor xorijiy tajribalarni, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari hamda Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilishga bundan buyon ham birinchi darajali ahamiyat qaratamiz.
Hurmatli doʻstlar!
Vatanimizning mard va jasur himoyachilari!
Ushbu qutlugʻ bayram kunlarida hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash arafasida oʻz hayoti evaziga dunyo xalqlarining ozodligi va erkinligini saqlab qolishga erishgan gʻolib ajdodlarimizga yuksak hurmat va eʼtibor koʻrsatish qanchalik muhim ekanini barchamiz har qachongidan ham chuqur his etib,
bu borada katta amaliy ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Siz, hurmatli harbiy xizmatchilarga – askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylariga Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishdek sharafli vazifani ado etishda mustahkam sogʻlik, ulkan muvaffaqiyatlar, kuch-gʻayrat, oilalaringizga esa yangi – 2020-yilda fayz-baraka va baxt-saodat yor boʻlishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni