Eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 15-yanvar kuni eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Jahonda iqtisodiy raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi davrda barqarorlikning asosiy omili ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallashdir.
Eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida oʻtgan yili mamlakatimiz eksporti hajmi 28 foizga oʻsdi. Hududiy sanoat eksporti qariyb 2 barobarga oshdi.
Mazkur yoʻnalishdagi koʻrsatkichlarni yanada oshirish maqsadida bu yildan boshlab prognoz koʻrsatkichlarini belgilash va monitoring qilish boʻyicha yangi tizim joriy etildi.
Avvalambor, eksport prognozi 3 yillik qilib tasdiqlandi. 2020-yil rejasi oʻtgan yilgiga nisbatan 22 foiz koʻp belgilandi.
Videoselektor yigʻilishida eksport, investitsiya va mahalliylashtirish yoʻnalishlariga masʼul mutasaddilarning vazifalari koʻrib chiqildi. Har bir dollardan unumli foydalanish boʻyicha hududlar va tarmoqlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati belgilandi.
Davlatimiz rahbari bundan buyon tarmoq yoki hududning masalasi degan sansolarlik boʻlmasligi, eksport prognozi ijrosini taʼminlashga har bir vazir, xoʻjalik birlashmasi rahbari hokim bilan birga teppa-teng javob berishini taʼkidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joriy yilgi eksport prognozi ijrosini toʻliq taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqib, mahsulotlarni qayerga, qachon eksport qilish va buni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash vazifasi qoʻyildi.
Toʻqimachilik, meva-sabzavotchilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari va avtomobil sanoati kabi yetakchi tarmoqlar salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga paxta tolasini qayta ishlash quvvatlarini 80 foizga yetkazish, yangi korxonalar hisobiga eksport nomenklaturasini diversifikatsiya qilish hamda geografiyasini kengaytirish topshirildi.
Mamlakatimiz eksportyorlarining salohiyatli bozorlarga kirishini yengillashtirish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etish, “GSP+” umumiy preferensiyalar tizimiga qoʻshilish yuzasidan ham koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda meva-sabzavotlar eksporti masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Meva-sabzavot ekinlarini eksport talabidan kelib chiqib optimal joylashtirish, salohiyatli tashqi bozorlarda savdo uylari va dilerlik tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Ixtisoslashgan 55 ta tumanda meva-sabzavotlar ishlab chiqarishni klaster shakliga oʻtkazish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
“Oʻzstandart” agentligiga hududiy hokimliklar bilan birgalikda 155 ta fermer xoʻjaligida “Global G.A.P.” xalqaro standartini joriy etish, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi bozorlar talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Eksport faoliyati jozibadorligini oshirish uchun eksport va eksportoldi moliyalashtirish tizimini tashkil etish, tashish xarajatlarini qoplash mexanizmini kengaytirish borasida chora-tadbirlar belgilandi.
Videoselektor yigʻilishida investitsiyalarni jalb etish masalalari tahlil qilindi.
Oʻtgan yili barcha manbalar hisobidan oʻzlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati 5,4 milliard dollar boʻlgan 145 ta tarmoq va 167 ta hududiy loyihalar ishga tushirildi.
Joriy yildan boshlab Investitsiya dasturlari yangi tizim asosida ishlab chiqildi. 2020-yil uchun 1569 ta xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihalari roʻyxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda 233 trillion 200 milliard soʻm, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda tarmoqlar va hududlar rahbarlari bu borada amalga oshirishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Tegishli vazirlik, idora va hoʻjalik birlashmalari rahbarlariga tarmoq loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha javobgarlik yuklandi. Hududlarda amalga oshiriladigan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokidagi har bir loyihaga respublika idoralari rahbarlari masʼul sifatida biriktirildi.
Mutasaddilarga galdagi loyihalar boʻyicha loyihaoldi ishlarini yakunlab, xorijiy investorlar bilan shartnomalar imzolash va ijrosini qatʼiy nazoratga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Videoselektorda joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalar ijrosi ham muhokama qilindi.
Prezidentimiz byudjet mablagʻlarining samarali sarflanishi, belgilangan 2 ming 190 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari sifatli bajarilishini qatʼiy nazoratga olish zarurligini taʼkidladi.
Joriy yilda 372 ta bolalar bogʻchasi, 343 ta maktab, 228 ta tibbiyot muassasasi, 61 ta oliy oʻquv yurti, 44 ta sport inshooti, 187 ta ichimlik va oqova suv tarmogʻi, 241 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari belgilangan.
Oʻtgan yili boshlangan loyihalarni sifatli amalga oshirish, yangi obyektlar boʻyicha tender savdolarini yakunlash va moliyalashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish, investitsiyalar samaradorligini baholashda muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Mutasaddilarga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tarmoqlar va hududlar boʻyicha investitsiya strategiyasini ishlab chiqish, bunda jalb qilinayotgan investitsiyalar samaradorligi va iqtisodiy-ijtimoiy taʼsirini baholash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni yoʻnaltirish uchun yetakchi sohalarni belgilash vazifasi qoʻyildi.
Investitsiya loyihalarini joylashtirishda birinchi navbatda infratuzilmaga ulanish imkoniyatlari va xarajatlariga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Bugungi kunning dolzarb masalalaridan yana biri – mahalliylashtirishni chuqurlashtirish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish.
2019-yil yakuni boʻyicha lokalizatsiya doirasida 800 dan ortiq loyihalar ishga tushirildi. Xususan, polivinilxlorid, katanka, elektrodvigatel, shisha idishlar, maishiy texnika, har xil dori-darmonlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Joriy yildan boshlab mahalliylashtirish dasturini yangicha yondashuvlar asosida shakllantiramiz, dedi davlatimiz rahbari.
Xususan, 830 ta loyiha doirasida 9 trillion soʻmlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Oʻzagrotexsanoat-xolding” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish” agentligi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, shuningdek, Toshkent shahri, Fargʻona viloyati, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari aniq loyihalarni amalga oshirishlari lozimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir vazirlik va idora bilan birgalikda bir oy muddatda 2020-yil mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlanidek, loyihalarni amalga oshirishda asosiy eʼtibor mahsulotning raqobatbardoshligi va iqtisodiy samaradorligiga, tannarxini kamaytirishga qaratilishi kerak.
“Oʻzstandart” agentligiga tadbirkorlik subyektlariga import oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirishda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish belgilandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy nazorat oʻrnatish topshirigʻi berildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga joylardagi masʼullar bilan birgalikda Respublika sanoat yarmarkasi doirasida tuzilgan shartnomalar ijrosini toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Videoselektor yigʻilishida mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitildi, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
O'zA