Islom Karimov xotirasiga yuksak ehtirom
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbiri o’tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tom ma’nodagi vatanparvar, buyuk davlat arbobi, dono siyosatchi edi. Uning tashabbusi va jasorati bilan Uzbekistan o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritdi, suveren demokratik davlat sifatida xalqaro miqyosda tan olindi.
Birinchi Prezidentimiz o‘z xalqiga, Vataniga xizmat qilishning yuksak namunasini namoyon etdi. Og‘ir qiyinchilik va sinovlarga qaramay, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish borasida erishilgan salmoqli natijalarda Islom Karimovning xizmatlari beqiyos. Shu bois Birinchi Prezidentimiz xalqimiz qalbidan_chuqur joy oldi, nafaqat Uzbekistan, balki jahon miqyosida katta hurmat-ehtiromga sazovor bo‘ldi.
Uzbekistan Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev- ning e’tibori va tegishli qarori bilan uning xotirasi abadiylashtirildi, hurmati joyiga qo‘yildi. Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash ezgu an’anaga aylandi.
— Bu sanani munosib o‘tkazish bizning o‘z tariximizga, mustaqilligimizga bo‘lgan hurmatimizni, xalq, millat sifatidagi madaniyatimiz va saviyamizni namoyon etadi, — degan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Qur’oni karim tilovat qilindi. Islom Karimovning serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari yodga olindi.
Gul qo‘yish marosimida Prezident Administratsiyasi, parlament palatalari va hukumat a’zolari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Shu kuni Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan va mangu orom topgan Samarqand shahrida ham xalqimizning buyuk farzandi tavallud kuni keng nishonlandi. Jamoatchilik vakillari shahardagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Qarshi shahrida ham buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyi gullarga burkandi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida Birinchi Prezidentimiz tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy- ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi.
O‘zA