Oliy Majlis Senati: yaqin va uzoq istiqboldagi faoliyatimizning bosh mezoni – xalq farovonligini yuksaltirishdir
Avvalambor, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizni nafaqat 2020-yilda, balki kelgusi besh — o‘n yilda rivojlantirishning strategik yo‘li, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishning dasturilamalidir. Eng muhimi, Murojaatnomada O‘zbekiston uchun demokratik islohotlar yo‘li yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi dalillar bilan ko‘rsatib berildi.
Shu ma’noda, Murojaatnomani anglash, unda tilga olingan masalalarni to‘g‘ri tushunish juda muhim.
Ushbu dasturilamal hujjatda, bundan avval esa Senatning birinchi majlisida, parlament palatalarining qo‘shma majlisida davlatimiz rahbari bugun jamiyatimizda olib borilayotgan yangilanish islohotlarini ta’minlashda jamoatchilik o‘rni va ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
Jamoatchilik deganda, birinchi navbatda, senatorlar va deputatlarning xalq vakillari sifatida yanada tashabbuskor bo‘lishlari ta’kidlandi. Chunki Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, biz yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bu borada “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga kiritilishiga alohida urg‘u berildi.
Shuning uchun senatorlardan mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda shunchaki kuzatuvchi bo‘lib chetda turish emas, aksincha, shu yangilanishlarning faol ishtirokchisi, tashabbuskori, parlament nazorati institutining muhim subyektiga aylanishi talab etilmoqda. Ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament va deputatlar nazoratini ta’minlash, xalq bilan muloqot jarayonlarida jamoatchilik nazorati mexanizmlari kundalik hayotda o‘z ifodasini topishi lozimligi muhimdir.
Avvalo, o‘z ish uslubimizni o‘zgartiramiz
Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida parlament, xususan, Senat oldiga ham zalvarli vazifalar yuklandi. Oliy Majlisning kelgusi besh yildagi faoliyatining pirovard maqsadi Hukumat bilan birgalikda xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat. Bunda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili amalda ishlashini ta’minlashga e’tibor qaratamiz.
Binobarin, ta’kidlash joizki, Senatning asosiy vazifasi mamlakatimiz hududlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Shuni hisobga olgan holda, islohotlarga hamqadam tarzda zarur qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni yangilab borish, mamlakatimiz hayotiga oid, jamiyatda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda fuqarolarning fikrlarini e’tiborga olish diqqat markazimizda bo‘ladi.
Bundan tashqari, qulay investitsiya va biznes muhitini yaratish, islohotlar samarasi har bir hudud, tarmoq, mahalla, oila va har bir inson hayotida aks etishini ta’minlashga, shuningdek, tadbirkorlarga keng yo‘l ochish, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi dasturlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlashga ham e’tibor qaratiladi.
Endilikda senatorlar faqat markazda emas, hududlarda ko‘proq faoliyat olib borishadi. Bu vazifa joylardan saylangan senatorlarimizga ham, doimiy ish olib borayotgan Senat a’zolariga ham qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Yuqori palataning har bir vakiliga hududlardagi shahar va tumanlar biriktirildi. Ular aholi bilan uchrashadi, xalq bilan muloqotda bo‘ladi, mahalliy Kengashlarning faoliyatini yanada yaxshilashga harakat qiladi. Qolaversa, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, zamonaviy va milliy iqtisodiyotning qiyofasini o‘zgartirish, uning samaradorligini oshirish borasidagi tadbirlarda ham faol ishtirok etadi.
Senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bittadan tuman yoki shahar Kengashi faoliyatini namunali tashkil etish choralarini ko‘radi. Belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha natijalar har haftada Senat majlislarida muhokama etiladi.
Murojaatnomadan kelib chiqqan holda, Senat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishga ko‘maklashish belgilandi. Parlament yuqori palatasi ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, aholini maktabgacha ta’lim va boshqa ta’lim muassasalariga jalb qilishni kengaytirish, ayniqsa, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Shu bilan birga, madaniyat, san’at, turizm sohalarini rivojlantirish, milliy madaniy merosimizni asrash kabi masalalar senatorlar e’tiborida bo‘ladi.
Shu o‘rinda o‘tgan haftada Sirdaryo viloyatida bo‘lib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan ochiq muloqotlar tashkil etilganini qayd etmoqchiman. Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan vazifalar xususida fikr almashdik, ularni samarali ijro etish haqida ham kelishib oldik. Boshlanayotgan hafta davomida barcha senatorlarimiz mamlakat bo‘ylab ana shunday amaliy muloqotlar o‘tkazish uchun hududlarga yo‘l olishadi. Bunday jonli muloqotlarga asoslangan faoliyat xalq vakillarining doimiy ish uslubiga aylanadi.
Bu hali hammasi emas. Endilikda, oldimizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar, ya’ni hududiy vakillik palatasi sifatida Davlat byudjeti loyihasini ko‘rib chiqish va uning ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash maqsadida Senat devoni tarkibida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil qilinadi.
Mazkur tuzilma, birinchi navbatda, ajratilayotgan Davlat byudjeti mablag‘larining hududlar kesimidagi ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga qaratilgan faoliyatga ko‘maklashadi.
Senatorlar hamda deputatlar ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlarini Oliy Majlis palatalarida muntazam eshitib borishi zarur, buning uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yuqori palata vakillari mamlakatimizda aholi turmush farovonligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan olib boriladigan ishlarda ham yetakchilardan bo‘lishi lozim. Ayniqsa, joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish o‘rni yaratishda, kasbga qayta tayyorlash orqali odamlarni munosib ish joyi bilan ta’minlashda har bir xalq vakilidan mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
2020-yil — Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida, ayniqsa, bu boradagi ishlarimiz yangicha tus oladi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarning zamonaviy bilimlarini oshirishga e’tibor qaratiladi. “Elektron hukumat” faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, mahalliy ijro organlari kadrlarini Moliya, Iqtisodiyot va sanoat, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Davlat statistika qo‘mitasida malaka oshirishlarini ta’minlash, yangicha ish uslublarini joriy etib borish yuzasidan ham yillik rejalar belgilab olinadi.
Mahalliy Kengashlar faoliyati tubdan takomillashtiriladi
So‘nggi davrda, ayniqsa, oxirgi uch yilda hududiy vakillik organlarining nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Mahalliy Kengashlarning vakolatlari tobora kengayib bormoqda, albatta, kelgusida ijro organi va vakillik organi faoliyatlarini takomillashtirish, davlat hokimiyati bo‘linish tamoyiliga to‘liq javob beradigan holatga olib kelish rejalashtirilgan. Hokimlarning mahalliy Kengashlarga rahbarlik qilishi amaliyotiga qonuniy chek qo‘yish shular jumlasidandir.
Ammo bugungi kunda mahalliy Kengashlar faoliyati talabga javob bermayotgani, aholi muammolarini hal etishda ularning o‘rni sezilmayotgani Murojaatnomada alohida qayd etib o‘tildi.
Ular faoliyatidagi muammolar va kamchiliklarni tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchidan, bugungi kunda Kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda o‘z vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.
Sessiyalarni tashkil etish, tegishli masalalarni olib chiqish va muhokama qilishda deputatlarning hamda doimiy komissiyalarning o‘rni sezilmaydi. Aksariyat hollarda sessiyalar nomigagina o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, deputatlik so‘roviga ijro hokimiyatining ayrim rahbarlari e’tiborsizlik bilan qaramoqda. Oqibatda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan masalalar hal etilmay qolyapti.
Murojaatnomada ilk marotaba Kengash so‘rovi institutini joriy etish taklifi kiritildi. Bu bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.
Endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, Farmon, qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlarini eshitib borish va faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar ko‘rish amaliyoti joriy etiladi.
Ishonchim komilki, mahalliy Kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining o‘z lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish vakolatining berilishi ham ularning nazorat funksiyasini kuchaytirib, mas’uliyatini oshiradi. Eng muhimi, joriy yilda hokimlarning asosiy vazifalariga kirmaydigan vakolatlarini qisqartirish bo‘yicha ish olib boriladi.
Muhtaram Prezidentimiz “Senator so‘roviga bepisandlik — bu xalqqa bo‘lgan bepisandlik” deb alohida ta’kidladi. Senator — bu mahalliy Kengash deputati ekanligini nazarda tutadigan bo‘lsak, bugungi kunda har bir hokim mahalliy Kengashga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishi zarur.
Senatorlar bilan birgalikda mahalliy Kengashlar faoliyatini tubdan isloh qilish, aholining mavjud muammolari qay darajada hal etilayotgani bo‘yicha ijro organlari rahbarlari hisobotini parlament va mahalliy Kengashlarda muntazam eshitib borilishiga erishamiz.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning doimiy komissiyalari raislariga ustama haq to‘lash amaliyoti ham joriy etiladi.
Ushbu vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Senat tomonidan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqildi va barcha mahalliy Kengashlarga yetkazib berildi.
Muxtasar aytganda, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda hokim mahalliy Kengashga o‘z faoliyatining “ko‘zgu”si sifatida qarashi va hamkorlik qilishi lozim.
Ijtimoiy siyosat aholi manfaatlariga xizmat qiladi
Murojaatnomada O‘zbekistonda ilk bora kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar ham belgilab berildi.
Ushbu vazifalar Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish kabilar bilan bog‘liq.
Kambag‘allikni bartaraf qilish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosat amalga oshirilishi zarur. Aholimizning o‘z qiziqishidan kelib chiqib hunarmandlik, chorvachilik, xizmat ko‘rsatish sohalariga va boshqa shu kabi aniq yo‘nalishlarda faoliyat yuritishlarini rag‘batlantirishga e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda aholi va tadbirkorlar uchun mikromoliya xizmatlarini ko‘rsatish va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yo‘l ochib berish kabi masalalar ham Senat nazoratining obyektlariga aylanadi.
Mamlakatimizda gender siyosatini amaliyotga joriy etish masalasi ham ustuvor vazifa sifatida belgilanganligi aholimizning, butun dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratmoqda. Shu o‘rinda 2020 yilda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, muhtoj opa-singillarimizga manzilli yordam ko‘rsatish asosiy faoliyat yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib hisoblanadi.
Joriy yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 1 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab beriladi. Bu kabi keng ko‘lamli islohotlarda joylardagi senatorlar faol qatnashib, jamoatchilikka tadbirlarning mazmun-mohiyati va maqsadini tushuntirishda faollik ko‘rsatishadi.
Xalqaro aloqalar va parlamentlararo munosabatlar yangi mazmun bilan boyitiladi
Milliy iqtisodiyotimiz rivojini ta’minlash masalalarida parlament rolini yanada mustahkamlash, xalqaro parlamentar tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish yuqori palataning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biridir.
Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalardan xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, parlament nazorati ta’sirchanligini kuchaytirish Senatning diqqat markazida bo‘ladi.
Xususan, davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy masalalarga alohida e’tibor qaratiladi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning o‘z o‘rnida, muvaffaqiyatli kirib borishini ta’minlash uchun zarur qonunchilik asoslarini yaratish ham pirovard maqsadlarimizdan bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalarimiz orqali xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni o‘zlashtirish yuzasidan hamkorlik ishlari kuchaytiriladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yilda MDHga raisligi davomida tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirish masalasi yuqori palata zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Avvalo, MDH davlatlari bilan savdoiqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, erkin savdo zonalari to‘liq ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorini o‘zlashtirish, agrar soha, energetika hamda telekommunikatsiyalar tarmog‘idagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy, innovatsion, madaniy-gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirishda senatorlar ham faol ishtirok etadi.
Palatamiz tomonidan MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalardagi faoliyat doirasida model qonun loyihalarini ishlab chiqish, ushbu tuzilmalarga a’zo bo‘lgan davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.
Bunda milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq hamda puxta o‘ylangan siyosatni davom ettirishga alohida e’tibor qaratishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, yuqori palataning xalqaro tashkilotlar bilan ham aloqalari tobora rivojlantiriladi. Mamlakatimizda BMTning 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatiladi va Hukumat a’zolarining ushbu masala yuzasidan tegishli hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy etiladi.
Oliy Majlis Senati Raisi ayni vaqtda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi hisoblanadi. Komissiyaning asosiy vazifasi fuqarolarimiz uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularning barcha sohadagi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni ham yuqori saviyada davom ettirib, tizimli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ustida muntazam ravishda tadbirlar olib borilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, YXHT, BMT Taraqqiyot dasturi kabi hamkorlarimiz va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan samarali loyihalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytiriladi
Prezidentimiz tomonidan “Halollik vaksinasi” degan iboraning tilga olinishi bejiz emas. Bu undov har birimiz uchun katta mas’uliyat, aslida. O‘z ishiga nisbatan vijdonan yondashishning o‘zi “halollik vaksinasi”ning boshlanishi, nazarimda.
Joylarda korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishda senatorlar zimmasiga ham alohida zalvarli vazifalar yuklandi va bu yilgi ish rejamizda ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratildi.
Senatning birinchi yig‘ilishida davlatimiz rahbari mamlakatimizda joriy yilda uchta soha, ya’ni sog‘liqni saqlash, ta’lim va qurilish sohalarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan olib borilayotgan choralar qat’iylashtirilishi xususida to‘xtalib o‘tgan edi. Senatorlar bu bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining axborotini eshitishni ham maqsad qildilar. Bundan tashqari, hududlarda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Shu maqsadda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan yil davomida bir qator keng ko‘lamli tadbirlar belgilab olindi. Bu kabi amaliy sa’y-harakatlarimiz aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, mazkur illatni yo‘q qilish ustidan jamoatchilik nazoratini keskin kuchaytirishga qaratiladi.
Xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalar yanada mustahkamlanadi
Oliy Majlis Senati — hududiy vakillik palatasi sifatida, avvalo, hududlarimizning manfaatlarini himoya qilish bilan birga, xalqning ichiga kirib borish, uning muammolarini hal qilishda tashabbuskor bo‘lishi talab etilmoqda. Shuning uchun ham faoliyatimizda xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan sayyor uchrashuvlar, qabullar o‘tkazish, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal qilish masalalari yillik ish rejamizda alohida belgilangan. Bunda mahalliy ijro organlari, tashkilot va muassasa rahbarlari, shuningdek, hududlardagi mahalliy Kengash deputatlarini jalb qilgan holda, Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan qat’iy choralar ko‘riladi.
Senat faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan keyin nafaqat yuqori palataning yalpi majlislarini onlayn efirga uzatish, balki qo‘mitalarimizda o‘tkaziladigan eshituvlarni ham to‘g‘ridanto‘g‘ri translyatsiya qilish ustida ish olib borilmoqda.
Faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgan mahalliy Kengashlarning yig‘ilishlari ham xuddi shunday jonli tarzda keng aholiga yetkaziladi. Toki, odamlarimiz senatorlarning qonun ijrosi ustidan olib borayotgan nazorat tadbirlarini bilsin, ko‘rsin, o‘z hududidan saylangan senator-lar va deputatlar tomonidan olib borilayotgan ishlardan xabardor bo‘lishsin.
Jonajon yurtimiz yangi taraqqiyot bosqichiga shaxdam qadamlar bilan kirib borar ekan, Oliy Majlis Senati milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi, haqiqiy himoyachisi bo‘lgan katta kuch sifatida o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydi.
Tanzila Norboyeva,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi
“Xalq so‘zi” gazetasi (04.02.2020-y.)