O‘zbekiston - TDT: birgalikda rivojlanish uchun yangi impulslar
5–6-noyabr kunlari Bishkekda so‘nggi yillarda turkiy davlatlarning jahon miqyosidagi mavqeini yuksaltirish va mustahkamlashning samarali platformasiga aylangan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi to‘qqizinchi Sammiti bo‘lib o‘tadi.
Bugungi kunda Tashkilot doirasida iqtisodiy integratsiya, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston kabi yangi transport yoʻlaklarini tashkil etish, boshqa tashabbuslar bilan bir qatorda “Digital TIR”, e-İzin loyihalarini amalga oshirish va e-CMR tizimini joriy qilish orqali transport jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan qoʻshma choralar koʻrilmoqda.
Shuningdek, kun tartibidan Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini jadallashtirish, Xizmatlar va investitsiyalar sohasida erkin savdo bitimini, Raqamli iqtisodiyotda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ilgari surish hamda a’zo-mamlakatlar Markaziy banklari kengashini tashkil etish masalalari ham o‘rin olgan.
O'zbekiston va TDT mamlakatlari
Turkiy davlatlar tashkiloti O‘zbekiston uchun ishtirokchi davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni faol rivojlantirish, ko‘p tomonlama tashabbuslar va yirik loyihalar hisobiga hamkorlikning iqtisodiy salohiyatini yoyish va kengaytirish imkonini beradigan platformadir.
2022-yilda Samarqandda “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” chuqur ma’noli shior ostida boʻlib oʻtgan TDT davlatlari rahbarlarining yigʻilishida Tashkilotga a’zo mamlakatlar: Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha misli koʻrilmagan qarorlar qabul qilindi.
Xususan, davlat rahbarlari hamkorlikni chuqurlashtirish platformasini shakllantirish va rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida tashqi siyosat masalalari boʻyicha umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish boʻyicha aniq chora-tadbirlar toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Ishtirokchi mamlakatlar rahbarlari siyosiy, huquq-tartibot, harbiy-texnikaviy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, kredit, moliya va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rag‘batlantirish, savdo va sarmoya kiritish, tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib oldilar.
Moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirish, ijtimoiy-madaniy rivojlanish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy-tarixiy merosini targ‘ib qilish va ommalashtirishda ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorligini rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston TDTga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda va bu jarayonning dinamikasi aloqalarni kengaytirish uchun kuchli qo‘shimcha turtki yaratmoqda.
Keling, bir nechta raqamlarni keltiraylik. So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda: 2023-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,1 milliard dollarni, joriy yilning yanvar-avgust oylarida qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi. O‘tgan yili 1,2 milliard dollarlik turk investitsiyalari o‘zlashtirildi.
O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo, transport va logistika, qurilish, mebel sanoati, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan 1854 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida 50 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar va “Yo‘l xaritalari” imzolandi.
Qozog‘iston ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni jadal rivojlantirishda davom etayotgan yetakchi davlatlar qatorida. O'zaro savdo munosabatlarida erkin savdo rejimi amal qiladi. 2023-yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. 2022-yildan buyon Qozog‘iston O‘zbekistonga 570 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1070 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda va 2023-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro yuk tashish hajmi 25,5 mln tonnadan oshdi.
2022-yildagi oliy darajadagi tashrif chog‘ida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik ham yuksak sur’atlar bilan o‘smoqda. Mamlakatlar o‘rtasida o‘rnatilgan erkin savdo rejimi 2023-yilda tovar ayirboshlash hajmini 26,5 foizga, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida eksport hajmini yana 51 foizga oshirish imkonini berdi.
Oʻzbekistonda savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar, energetika, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat, shuningdek, xizmat koʻrsatish sohalarida Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Toshkent – Boku, Samarqand – Ganja, Buxoro – Lenkoran, Xiva – Shusha va Qo‘qon – Sheki, Guliston – Fuzuli, Namangan – Mingachevir, Termiz – Bilasuvar shaharlari o‘rtasida qardosh shahar munosabatlari o‘rnatilmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi bilan hamkorlikning rivojlanisi ham xuddi shunday dinamikaga ega. 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik savdo-iqtisodiy sheriklik dasturi tasdiqlanib, uning amalga oshirilishi 2023-yil oxirigacha tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollargacha yetkazish imkonini berdi.
Oʻzbekistonda Qirgʻiziston kapitali ishtirokida qurilish materiallariva poyabzal ishlab chiqarish, qandolatchilik va chakana savdo, umumiy ovqatlanish xizmatlari, reklama faoliyati va ekspeditorlik xizmatlari bilan shugʻullanuvchi 280 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
2023-yilda ikki davlat o‘rtasidagi umumiy yuk tashish hajmi qariyb 5 million tonnani tashkil etdi.
Ikki davlat chegaradosh viloyatlari maʼmuriyat rahbarlari kengashi mavjud boʻlib, u qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va savdo-sotiq boʻyicha bevosita qarorlar qabul qilish orqali hududlararo hamkorliklikni yanada jadallashtiradi.
Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash izchillik bilan 1 milliard dollar darajasida bormoqda – joriy yilning 9 oyida uning hajmi 860 million dollardan oshdi. Toshkent va Ashxobodda o'zaro asosda savdo uylari ochildi. “Shovot Toshhovuz” chegara savdo zonasi foydalanishga topshirilmoqda.
Oʻzbekistonda savdo va xizmat koʻrsatish, qoplama materiallari, mebel va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishlarida 200 ga yaqin turkman korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat tadbirkorlari 2023-yilda o‘zaro 1,6 million tonnaga yaqin mahsulot yetkazib berishni ta’minladi.
TDT aʼzosi va ayni paytda Yevropa Ittifoqi davlati boʻlgan Vengriya bilan munosabatlar ham faol rivojlanish bosqichida.
2022-yilda Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida Vengriyaning 50 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda 27 ta yangi sarmoyaviy bitim va savdo shartnomalari imzolandi. Oʻsha yili oliy darajadagi rasmiy tashrif chogʻida umumiy qiymati 1,35 milliard dollarlik 56 ta qoʻshma hujjat imzolandi. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya va Oʻzbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashi faoliyat koʻrsatmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdoda Eng koʻp qulaylik rejimi oʻrnatilgan.
Vengriya kompaniyalari bank va agrosanoat tarmoqlari, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va O‘zbekiston iqtisodiyotining boshqa istiqbolli tarmoqlarida keng namoyon bo‘lmoqda.
Keltirilgan raqamlar Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlarning bir-biriga koʻmaklashish, oʻzaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik hajmini oshirish borasidagi jiddiy niyatlaridan dalolat beradi.
Bu barcha mamlakatlar hukumatlari va ishbilarmon doiralari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali tadbirkorlar faoliyati yo‘lida yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda tezkorlik bilan hal etish mexanizmlaridan samarali foydalanish, to‘siqlar va byurokratik muammolarni bartaraf etish, yangi tashabbuslarni joriy qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishning samarasidir.
Turkiy davlatlar tashkilotining bo‘lajak Sammiti, shubhasiz, turkiy dunyoning cheksiz imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun zamin yaratadi, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi, hududlararo o‘zaro hamkorlik simbiozini sezilarli darajada mustahkamlaydi va har bir tomon manfaatlariga mutanosib yondashuvni hisobga olgan holda ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama sheriklik doirasida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni topish imkonini beradi.