O‘zbekiston – Mug‘uliston hamkorligi: ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston va Mug‘uliston umumiy chegaraga ega emasligi hamda geografik uzoqligiga qaramay, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsion sohalarda izchil taraqqiyot ko‘rsatmoqda. 1992-yil yanvar oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri ikki davlat o‘zaro hamkorlikni bosqichma-bosqich mustahkamlab, sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqmoqda.
Siyosiy muloqot va diplomatik tashriflar
Mug‘uliston 1991-yil dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi va 1992-yil yanvar oyida rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. O‘tgan uch o‘n yillik davomida siyosiy muloqot izchil rivojlanib keldi. Bu jarayonda oliy darajadagi uchrashuvlar muhim rol o‘ynadi. Mug‘uliston prezidentlari Tsaxiagiyin Elbegdorj va Uxnaagiyn Xurelsux Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlarida ishtirok etish uchun bir necha bor O‘zbekistonda bo‘lishgan.
2024-yil 23–26-iyun kunlari Mug‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif doirasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo muhim hujjatlar imzolandi. Toshkentda Mug‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi ham o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishga tayyorlik belgisi bo‘ldi.
Parlamentlararo va hukumatlararo hamkorlik
2024-yilda Mug‘uliston Buyuk Davlat Xuralida O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzildi. 2025-yil fevral oyida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, bu esa diplomatik muloqotdan institutsional hamkorlikka o‘tilganini anglatadi.
So‘nggi yillarda hukumatlar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi: 2023-yil oktyabrda Bishkekda bosh vazirlar uchrashuvi, 2025-yil fevralda esa ishbilarmonlar forumi va Biznes kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu esa mustahkam hamkorlik asoslarini shakllantirishga intilayotganlikdan dalolat beradi.
Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar – barqaror rivojlanish kaliti
O‘zbekiston va Mug‘uliston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil o‘sib bormoqda. So‘nggi yillardagi savdo hajmi dinamikasi ikki davlat o‘rtasidagi qiziqish darajasining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
2018–2023-yillar oralig‘ida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 8,8 martadan ortiq o‘sgan. Eng keskin o‘sish 2021–2022-yillar oralig‘ida qayd etilgan bo‘lib, o‘sish deyarli 3 baravarga teng bo‘lgan, 2023-yilda esa savdo yana 76 foizga ortgan. 2024-yilda ham o‘sish sur’ati saqlanib qolgan — savdo hajmi 47 foizga ko‘paygan.
2025-yilning dastlabki to‘rt oyida savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizdan ortiq oshgan. Agarda bu trend saqlansa, yil yakunida O‘zbekiston va Mug‘uliston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash yangi rekord darajaga yetishi mumkin.
2023-yilda O‘zbekiston eksporti 229 foizga o‘sgan, 2024-yilda esa umumiy savdo hajmi 46,8 foizga ko‘paygan. Asosiy eksport yo‘nalishlari — qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari. Mug‘uliston esa o‘z navbatida tirik qoramol yetkazib berishni faollashtirgan. 2024-yil dekabrda 7 ming boshdan ortiq qoramol O‘zbekistonga yuborilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 17 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 12 tasi to‘liq monx kapitaliga ega. Ular savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat olib boradi, lekin tomonlar logistika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va mashinasozlik sohalarini ham rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Investitsion hamkorlik: rejalar va istiqbollar
Investitsion aloqalar faol rivojlanmoqda. Ayni vaqtda investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi ikki muhim bitim ishlab chiqilmoqda. Ularning imzolanishi ikki mamlakat bozorlarining biznes uchun jozibadorligini oshirishi mumkin.
2025-yil aprel oyida O‘zbekiston investitsiyalar vazir o‘rinbosari I. Qosimov boshchiligidagi delegatsiyaning Ulan-Bator shahriga tashrifi davomida texnologik almashuvga qiziqish bildirildi. Delegatsiya oziq-ovqat sanoati va innovatsion qurilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bilan tanishdi, bu esa Mug‘uliston kapitali ishtirokidagi ishlab chiqarishni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ochadi.
Transport va logistika: barqaror aloqalarni yaratish
2024-yil iyun oyida avtomobil va havo transporti bo‘yicha xalqaro kelishuvlar imzolandi, bu logistika sohasidagi muhim qadam bo‘ldi. Mug‘uliston tomonidan ichki tartib-taomillar yakunlangach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘nalishlar ochilishi kutilmoqda. Bu esa odamlar va yuklar harakatini yengillashtirib, transport xarajatlarini kamaytiradi.
Madaniy-gumanitar yo‘nalishlar
O‘zbekiston (2018-yil) va Mug‘uliston (2022-yil) tomonidan 30 kunlik vizasiz rejimning joriy etilishi ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik almashinuvini va xalq diplomatiyasini faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa
Umuman olganda, O‘zbekiston va Mug‘uliston o‘rtasidagi munosabatlar pragmatik va o‘zaro manfaatdorlik asosida jadal rivojlanmoqda. Global beqarorlik sharoitida tomonlar iqtisodiy hamkorlik, ochiqlik va transport bog‘liqligi asosida hamkorlikni chuqurlashtirish istagini namoyon etmoqda.
Kelajakda O‘zbekiston – Mug‘uliston sherikchiligi ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash, o‘zaro investitsiyalarni rivojlantirish va barqaror savdo yo‘llarini yaratish orqali yanada muhim mintaqaviy elementga aylanishi mumkin.