Iqtisodiy hamkorlik: O‘zbekiston va Qozog‘iston qanday qilib umumiy o‘sish makonini yaratmoqda

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlar barqaror va dinamik hamkorlikning namunasi bo‘lib, bu jarayonda siyosiy muloqot savdo, investitsiya va sanoatdagi aniq loyihalar bilan uyg‘unlashmoqda. Bugun bu sheriklik ikki tomonlama kun tartibidan chiqib, Markaziy Osiyoda yagona iqtisodiy makonni shakllantirishda muhim bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Iqtisodiy dinamika: savdo hajmi va diversifikatsiya
2025-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5 foizga oshdi. Eksport hajmi 1,06 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 6 foiz o‘sdi, import esa 2,42 milliard dollarga teng bo‘lib, 20,3 foiz o‘sishni ko‘rsatdi.
Bu ijobiy dinamika nafaqat savdo hajmining ortishini, balki uning tarkibiy o‘zgarishini ham ifodalaydi - eksport tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ulushi oshmoqda.
Asosiy eksport yo‘nalishlari - mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari mahsulotlaridir. O‘zbekiston tomoni avtomobil ehtiyot qismlari, sabzavot va mevalar, mineral suvlar, to‘qimachilik buyumlari hamda sement yetkazib berishni faol ravishda kengaytirmoqda. Faqat 2024-yilda Qozog‘istonga eksport hajmi 2,4 foizga oshdi, assortiment esa 86 ta yangi tovar pozitsiyasi bilan kengaydi — elektr energiyasidan tortib saryog‘ va kakao mahsulotlarigacha.
Investitsiyalar va qo‘shma korxonalar: yangi ishtirokchilar va yo‘nalishlar
2025-yil avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1157 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 281 tasi qo‘shma, 876 tasi esa to‘liq xorijiy korxonalardir. Ularning asosiy faoliyat sohalari — savdo, qurilish, axborot texnologiyalari, sug‘urta va moliyaviy xizmatlardir.
Qozog‘istonda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 5400 ta yuridik shaxs faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatdorlikning yaqqol dalilidir.
Hududiy hamkorlik markazlari va klasterlar
O‘zbekistonda joylashgan Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlari hududiy hamkorlik markazlari sifatida agrar-sanoat va industrial klasterlarni shakllantirish ustida ishlamoqda. Namanganda eksportni rivojlantirish va aniq dehqonchilik texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan agroklaster tashkil etilgan. Sirdaryo viloyatida esa 70 gektar maydonda polietilen quvurlar, qurilish materiallari va agrokompleks ishlab chiqaruvchi sanoat klasteri barpo etilmoqda.
Shunga o‘xshash loyihalar Qoraqalpog‘iston, Toshkent va Samarqand viloyatlarida ham amalga oshirilmoqda - bu yerda logistika markazlari va qayta ishlovchi korxonalar tashkil etilmoqda. Qozog‘istonning Turkiston, Qizilo‘rda va Jetisu viloyatlarida esa qishloq xo‘jaligi xomashyosi qayta ishlanib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Bunday mintaqaviy sheriklik iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, qo‘shma logistika tizimlarini rivojlantirish hamda ikki davlat chegaradosh hududlari o‘rtasida barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Forumlar va muloqot: ishonch mexanizmi va amaliy yechimlar
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya, unga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov raislik qilmoqda, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
2025-yil oktabr oyida Xiva shahrida Komissiyaning 22-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit aloqalari, qishloq xo‘jaligi, energetika, ekologiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, mintaqaviy va chegaradosh hamkorlik, turizm va sport sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan avvalroq Samarqandda bo‘lib o‘tgan IV Mintaqalararo hamkorlik forumida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” imzolangan bo‘lib, u 7,1 milliard dollarlik loyiha va shartnomalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ikki davlat hududlari o‘rtasida 32 ta kelishuv va 700 million dollarlik savdo bitimlari imzolandi.
Mazkur hujjatlar qo‘shma sanoat zonalari, transport-logistika markazlari va energetika loyihalarini yaratish uchun uzoq muddatli asosni belgilab bermoqda.
“С5+1” formati: mintaqaviy miqyosdagi hamkorlik
2025-yil 5–6-noyabr kunlari Vashington shahrida o‘tgan “С5+1” formatidagi davlat rahbarlari uchrashuvi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik umumiy maqsadlarga asoslanmoqda — barqaror infratuzilma yaratish, energetik o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, raqamli va “yashil” texnologiyalarni joriy etish hamda tovar, kapital va investitsiyalarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning qo‘shma tashabbuslari mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqmoqda. Ularning orasida Trans-Afg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasi alohida o‘rin tutadi - bu tashabbus Markaziy Osiyoni Evroosiyo logistikasining asosiy bo‘g‘iniga aylantirish imkonini beradi. Mazkur loyiha xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Markaziy va Janubiy Osiyoni Afg‘oniston orqali bog‘lash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Yangi hamkorlik tamoyili: sanoat, energetika va barqaror rivojlanish
Qozog‘iston O‘zbekiston uchun MDH doirasidagi eng yirik hamkor va Rossiyadan keyin tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Hamkorlik “yangi industrializatsiya” tamoyiliga asoslanib rivojlanmoqda: avtomobil ehtiyot qismlari va elektrotexnika mahsulotlarini qo‘shma ishlab chiqarishdan tortib, qayta tiklanuvchi energetika, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, “yashil” moliya va dekabronizatsiya sohasida tajriba almashishgacha.
Alohida e’tibor transport integratsiyasiga qaratilgan - “Transkaspiy”, “Shimol–Janub” xalqaro yo‘laklari va Xitoy, Eron hamda Turkiya orqali o‘tuvchi yangi marshrutlarni rivojlantirish orqali eksport oqimlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning global iqtisodiyotdagi rolini mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratilmoqda.
Xulosa: Markaziy Osiyoning umumiy kelajagi
O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi - bu shunchaki pragmatik hisob-kitob yoki savdo almashinuvi emas. Bu Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi yangi modelning poydevoridir - o‘zaro ishonch, iqtisodiy bog‘liqlik va umumiy mas’uliyatga asoslangan model.
Qo‘shma loyihalar, energetik va transport tarmoqlari integratsiyasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va texnologik hamkorlik orqali ikki davlat butun mintaqa uchun ibrat bo‘ladigan zamonaviy hamkorlik makonini shakllantirmoqda.