O‘ZBEKISTON VA TURKIYA YOSHLAR SIYOSATIDAGI TUTASH YO‘LLAR

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar oxirgi yillarda tadrijiy kengayib, turli sohalarni qamrab olyapti. Ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari asosida shakllangan bu hamkorlik doirasida iqtisodiy, savdo, madaniy va gumanitar yo‘nalishlar bilan bir qatorda yoshlar masalalari ham ustuvor yo‘nalish sifatida kun tartibiga chiqdi. Bu jarayon yoshlar masalasining ichki ijtimoiy chora-tadbirlar doirasidan chiqib, davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Mamalakatlararo hamkorlik doirasida yoshlar siyosati masalalarining tizimli muhokama qilinishi va amaliy tashabbuslar bilan mustahkamlanishi ushbu yo‘nalishga institutsional yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yoshlar almashinuvi, qo‘shma forumlar, ta’lim va innovatsiya yo‘nalishidagi tashabbuslar aniq reja va mexanizmlar asosida amalga oshirilayotgan yo‘nalish sifatida shakllanyapti. Yoshlar masalasi ikki tomonlama munosabatlarda bosqichma-bosqich mustahkamlanib, barqaror hamkorlik elementiga aylanmoqda.
Shu ma’noda dastlab 2019-yil 3–6-dekabr kunlari Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turkiy Kengash yoshlarining uchinchi festivalini ta’kidlash mumkin. Festival Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida tashkil etilib, unda O‘zbekiston va Turkiya bilan bir qatorda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Shimoliy Kiprdan jami 100 ga yaqin faol yoshlar ishtirok etdi.
Yoshlar siyosatining institutsional darajada muhokama qilinishi 2021-yil
20-sentabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlarning Yoshlar va sport vazirlari beshinchi yig‘ilishi bilan yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston mezbonligidagi yig‘ilishda yoshlar almashinuvi dasturlari, yoshlar platformalari va qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, xususan, 2022-yilda yoshlarning ko‘p tomonlama almashinuvi dasturini Turkiya hududida o‘tkazish bo‘yicha.
Misol uchun, mazkur kelishuvlar 2022-yil 22–27-avgust kunlari amaliy bosqichga o‘tdi. Shu kunlari Istanbul va Konya shaharlarida o‘tkazilgan birinchi ko‘p tomonlama yoshlar almashinuvi dasturida 10 nafar o‘zbekistonlik yosh ishtirok etdi. Dastur yoshlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot, tajriba almashuvi va ijtimoiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratildi. Hamkorlik keyingi yillarda ham shu taxlitda davom ettirildi. 2023-yil 14–18-avgust kunlari Turkiyaning Hatay viloyatidan 20 nafar yosh Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlariga keldi va yoshlar siyosati, madaniyat, volontyorlik va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlarida “O‘zbekiston–Turkiya yoshlarining birdamligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 2024-yil 19–25-avgust kunlari esa Turkiya tomonining taklifiga binoan 22 nafar o‘zbekistonlik yosh Istanbul, Bursa va Chanoqqal’a shaharlarida yoshlar almashinuv dasturida ishtirok etdi. Yoshlar hamkorligi ko‘p tomonlama yirik tadbirlar orqali ham mustahkamlanib bordi. 2022-yil 3–4-iyun kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining to‘rtinchi Yosh liderlar forumida O‘zbekiston va Turkiya vakillari faol ishtirok etdi.
Shuningdek, 2024-yilda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasida O‘zbekiston va Turkiya Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Vengriya bilan birga
2024–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb etish bo‘yicha xalqaro strategiyani imzoladi. Muxtasar qilganda, bu hujjat yoshlar siyosatini barqaror rivojlanish masalalari bilan bog‘lashga qaratilgan aniq bir yo‘nalishni belgiladi.
Yuqoridagi faktlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar sohasidagi hamkorligi izchil, muvofiqlashtirilgan va aniq mexanizmlarga tayangan holda rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Yoshlar bilan ishlash tadrijiy takomil bilan daraja-badaraja shakllanib borayotgan barqaror hamkorlik yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lyapti.
Shu bilan birga, yoshlar siyosati bo‘yicha hamkorlikning institutsional darajasi keyingi yillarda yanada oshdi. 2025-yil 16–17-oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Yoshlar va sport masalalari bo‘yicha vazirlarining 9-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston tomoni 2026-yilda Turkiy dunyo yoshlar poytaxti loyihasini o‘tkazishi belgilandi. Shunga muvofiq joriy yilda Xiva shahri Turkiy dunyo yoshlar poytaxti maqomiga ega bo‘lib, loyiha doirasida poytaxtning ochilish marosimi, xalqaro yoshlar festivali, “Yosh liderlar va tadbirkorlar forumi” hamda yakuniy tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yoshlar siyosati doirasida hududlararo aloqalarni mustahkamlash maqsadida Samarqand va Buxoro shaharlari Turkiyaning Antaliya va Ordu shaharlari bilan birodar yoshlar shaharlari sifatida belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi yoshlar bo‘yicha hamkorligi texnologiya va innovatsiya yo‘nalishida ham alohida amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Bunday hamkorlik esa yoshlar siyosatini inson kapitali bilan bevosita bog‘lash imkonini beradi. 2022-yil 26–29-may kunlari Ozarbayjon poytaxtida o‘tkazilgan “Teknofest Azerbaijan” festivali doirasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi delegatsiyasi ishtirok etdi. Festival Turkiya texnologiya jamg‘armasi va Turkiya sanoat va texnologiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida texnologik loyihalar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Ushbu ishtirok O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yoshlarni texnologik muhitga jalb etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim tajriba maydonini yaratdi.
Texnologiya yo‘nalishidagi hamkorlik 2022-yil 30-avgust – 4-sentabr kunlari Turkiyaning Samsun shahrida o‘tkazilgan “Teknofest” kosmos, aviatsiya va texnologiyalar festivalida yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur festivalda O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor milliy pavilyon bilan ishtirok etdi. Festival doirasida 15 ta davlatdan 600 mingdan ortiq yoshlar, muhandislar va ixtirochilar qatnashdi. O‘zbekiston uchun ajratilgan 300 kvadrat metr maydonga ega pavilyonda yoshlar tomonidan yaratilgan 20 ta innovatsion loyiha va ishlanmalar namoyish etildi.
Shundan so‘ng 2022-yil 12–17-dekabr kunlari Istanbul shahrida ilk bor “O‘zbekiston – Turkiya yoshlar biznes forumi” tashkil etildi. Forumda ikki mamlakatdan turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yosh tadbirkor, jumladan, 40 nafar o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi. Forum doirasida “Turkiya innovatsiyalar haftaligi” o‘tkazilib, yosh tadbirkorlar ilg‘or innovatsion loyihalar va texnologik yechimlar bilan tanishdi. Tadbir yakunida 351 ming AQSh dollari miqdorida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Muhim jihati shuki, yoshlar masalalari va texnologiya yo‘nalishidagi hamkorlik institutsional asoslar bilan ham mustahkamlandi. 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Turkiya Texnologiya jamoasi jamg‘armasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusi” loyiha ofisi o‘rtasida Toshkent shahrida “Bilim Toshkent” markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Ushbu markaz yoshlar uchun texnologik bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan infratuzilma sifatida ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar yo‘nalishida hamkorligi faqat almashinuv va texnologik tashabbuslar bilan cheklanib qolmay, gumanitar va volontyorlik yo‘nalishlarida ham rivojlanib boryapti. 2020-yilning may–iyun oylarida COVID-19 pandemiyasi sharoitida Turkiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda respublikaning barcha hududlariga 1000 dan ortiq oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat yordam qutilari tarqatildi. Ushbu tashabbus yoshlar va gumanitar hamkorlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni amaliy jihatdan ko‘rsatib, favqulodda vaziyatlarda ijtimoiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashda yoshlar tuzilmalari muhim rol o‘ynashini namoyon etdi.
Volontyorlik yo‘nalishidagi hamkorlik 2022-yilda aniq dasturiy formatda davom ettirildi. 2022-yil 1–5-avgust kunlari Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yoshlari uchun “Yoshlarni volontyorlikka tayyorlash” mavzusida o‘quv dasturi o‘tkazildi. Unda 9 nafar o‘zbekistonlik yosh volontyor ishtirok etdi. Trening volontyorlik faoliyatini tizimli yondashuv asosida tashkil etish, inqirozli vaziyatlarda yoshlarning ishtirokini kuchaytirish va tajriba almashish maqsadlariga qaratildi. Gumanitar hamkorlik 2023-yilda Turkiyaning janubi-sharqiy hududlarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish jarayonida yana bir bor amalda ko‘rindi. Humanitar va volontyorlik yo‘nalishlari yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni saqlab qolish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilyapti.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar yo‘nalishidagi hamkorlik barqaror hamkorlik tizimiga aylandi. Yoshlar almashinuvi, institutsional muloqot, texnologiya va innovatsiya yo‘nalishidagi tashabbuslar hamda gumanitar faoliyat o‘zaro uyg‘un holda olib borilyapti. Bu holat yoshlar masalalari inson kapitalini rivojlantirish va jamiyatlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim mexanizm sifatida shakllantirmoqda. Hamkorlikning mazkur yo‘nalishlari aniq dasturlar va mexanizmlar orqali mustahkamlanib, vaqt o‘tishi bilan yangi shakllar bilan boyiyapti.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar yo‘nalishidagi hamkorligi bugungi ehtiyojlarga moslashgan, aniq amaliy tajribaga tayangan va kelgusida ham rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan yo‘nalish sifatida shakllandi. Bu hamkorlik yoshlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlarini sinovdan o‘tkazish va ularni kengroq amaliyotga joriy etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilyapti.