O‘ZBEKISTON VA TURKIYA YOSHLAR TADBIRKORLIGIDAGI MANFAATLI HAMKORLIK

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar tadbirkorligi xalqaro hamkorlikning alohida yo‘nalishi sifatida tobora aniqroq shakl ola boshladi. Global iqtisodiy beqarorlik, texnologik o‘zgarishlar tezlashuvi va mehnat bozoridagi raqobat kuchaygan sharoitda davlatlar yoshlarni yangi iqtisodiy qiymat yaratuvchi subyekt sifatida ko‘ra boshladi. Shu o‘rinda yoshlar tadbirkorligini uzoq muddatli inson kapitali strategiyasining muhim qismi sifatida baholash mumkin. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar siyosati doirasidagi hamkorlikda tadbirkorlik yo‘nalishining paydo bo‘lishi tasodifiy jarayon emas. Ikki mamlakatda ham yoshlar ulushi yuqori bo‘lib, iqtisodiy o‘sish masalasi innovatsiya, kichik biznes va tashabbuskorlik bilan bevosita bog‘langan. Shu sababli yoshlar tadbirkorligi ikki tomonlama hamkorlikda alohida, nisbatan mustaqil yo‘nalish sifatida shakllanib boryapti.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha hamkorlik dastlab alohida tashabbuslar va muloqotlar orqali shakllana boshladi. Bu jarayonda e’tibor yoshlar tashabbuslarini muvofiqlashtirish, tajriba almashish va biznes muhitini tushunishga qaratildi. Ayniqsa, yosh tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamkorlikning muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ldi.
2022-yil 31-mart – 1-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi muhim bo‘ldi. Amaliy hamkorlik doirasida institutsional aloqalarni mustahkamlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Istanbul shahrida Mustaqil sanoatchilar va ishbilarmonlar uyushmasining yoshlar qanoti rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki mamlakat yosh tadbirkorlari o‘rtasida doimiy muloqot platformalarini shakllantirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Bu uchrashuvlar yoshlar tadbirkorligini faqat alohida loyihalar bilan cheklamasdan, uzoq muddatli aloqalar tizimiga aylantirish zaruratini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha hamkorlik muayyan bosqichdan so‘ng yirik formatdagi tadbirlar orqali aniq mazmun kasb eta boshladi. Bu jarayonda asosiy e’tibor yosh tadbirkorlar o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish va hamkorlikni amaliy bitimlar darajasiga olib chiqishga qaratildi. Kichik uchrashuv va muloqotlardan farqli ravishda, yirik formatlar yoshlar tadbirkorligini tizimli hamkorlik yo‘nalishi sifatida mustahkamlash imkonini berdi.
Mazkur yo‘nalishdagi eng muhim tadbirlardan biri 2022-yil 12–17-dekabr kunlari Istanbul shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Turkiya yoshlar biznes forumi” bo‘ldi. Forumda ikki mamlakatdan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yosh tadbirkor ishtirok etdi, ulardan 40 nafari O‘zbekiston vakillari edi. Tadbir doirasida yoshlar tadbirkorligi masalalari alohida sessiyalar orqali muhokama qilinib, biznesni rivojlantirish, bozorlararo chiqish va hamkorlik mexanizmlariga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Forum “Turkiya innovatsiyalar haftaligi” bilan uyg‘unlashtirilgan holda o‘tkazildi. Bu format yosh tadbirkorlarga Turkiyada innovatsiya va eksport yo‘nalishida shakllangan ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Turkiya eksportchilar assambleyasi, Yoshlar va sport vazirligi hamda Sanoat va texnologiyalar vazirligi rahbarlari ishtirok etishi yosh tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasining davlat darajasida muhim ekanining tajallisi bo‘ldi.
Mazkur tadbirning muhim jihati unda faqat muloqot bilan cheklanilmaganidadir. Forum yakunida yosh tadbirkorlar o‘rtasida 350 ming AQSh dollari miqdorda hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu raqam yoshlar tadbirkorligi doirasidagi hamkorlikning real iqtisodiy mazmun kasb etayotganini va amaliy natijalarga olib kelayotganini ko‘rsatadi. Shu kabi yirik formatdagi tadbirlar yoshlar tadbirkorligi hamkorligini faqat bir martalik loyiha sifatida emas, balki davomiy jarayon sifatida shakllantirishga xizmat qildi. Bunday tashabbuslar orqali yosh tadbirkorlar o‘zaro ishonchni mustahkamlash, uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada esa yoshlar tadbirkorligi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikda mustaqil va salmoqdor yo‘nalish sifatida shakllanib boryapti.
Shu o‘rinda aytish kerakki, yoshlar tadbirkorligi yo‘nalishidagi hamkorlikning shakllanishida ko‘p tomonlama maydonlar ham muhim rol o‘ynadi. Xususan, 2021-yil 19–21-sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh tadbirkorlar forumi – IDEA” doirasida O‘zbekiston va Turkiya yosh tadbirkorlari bilan bir qatorda boshqa turkiy davlatlar vakillari ishtirok etdi. Forum yoshlar tadbirkorligini TDT va mintaqaviy iqtisod kontekstida muhokama qilish, tajriba almashish va amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun dastlabki platformalardan biri bo‘ldi.
Shu jarayonda yoshlar tadbirkorligini kengroq mintaqaviy maydonga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslar ham shakllanmoqda. Jumladan, 2026-yilda Xiva shahrida turkiy davlatlar yoshlari ishtirokida “Yosh liderlar va tadbirkorlar forumi”ni o‘tkazish rejalashtirilgan, bu platformada ham O‘zbekiston va Turkiya yosh tadbirkorlari hamkorligini kengroq muloqot kontekstida ko‘rib chiqish hamda yana bir daraja ko‘tarilishi kutilyapti.
Har qanday hamkorlik institutsional darajaga chiqqandagina samarali va uzoq muddatli bo‘ladi. Shu ma’noda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha hamkorlik ham keyingi bosqichda institutsional asoslar bilan mustahkamlanyapti. Amaliy uchrashuvlar va yirik formatdagi tadbirlar natijasida shakllangan aloqalar endi doimiy mexanizmlar orqali rivojlantirilishi ko‘zda tutilyapti. Bu jarayonda asosiy e’tibor yosh tadbirkorlar uchun barqaror muloqot maydonlarini yaratish, tajriba almashuvini uzluksiz yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni individual tashabbuslardan tizimli yondashuvga o‘tkazishga qaratilmoqda.
Institutsional darajada yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni ham talab etadi. Shu sababli yoshlar siyosati, tadbirkorlik va innovatsiya yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik yosh tadbirkorlar uchun qulay muhit shakllantirishga xizmat qilyapti. Bu yondashuv yoshlar tadbirkorligini qisqa muddatli rag‘batlantirishdan ko‘ra istiqbolli imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Shuningdek, yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha hamkorlikda bilim va tajriba almashinuvi alohida urg‘ulanyapti. Tadbirkorlik madaniyati, biznes yuritish ko‘nikmalari va institutsional tajribani o‘zlashtirish yosh tadbirkorlarning mustaqil faoliyat yuritish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, albatta. Bu jarayon esa o‘z-o‘zidan ikki tomonlama hamkorlikni faqat iqtisodiy manfaatlar bilan cheklamasdan, inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘lash imkonini beradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi yoshlar tadbirkorligi hamkorligi bugungi sharoitda chuqur o‘ylangan, tizimli va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lyapti. Bu hamkorlik yoshlar masalalarida iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va kelajak avlodlar uchun barqaror hamkorlik zaminini yaratishga xizmat qiladi.