O‘zbekiston xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda
Turizm xizmatlari eksporti 4,8 milliard AQSh dollaridan oshdi, bu O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda uning mintaqaning eng istiqbolli turizm yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashini tasdiqlaydi.
Mazkur natijalarga turizm sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishildi. Ular infratuzilmani yaxshilash, transport qatnovini rivojlantirish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Mamlakatda turistik klasterlarni rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda.
Respublikada xorijiy fuqarolar uchun kirish tartibi soddalashtirilgan. Xususan, hozirda 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan, 52 ta davlat uchun elektron viza tizimi mavjud hamda 45 ta davlat fuqarolari uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish imkoniyati yaratilgan.
Dunyoning ayrim hududlarida geosiyosiy beqarorlik, ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar kuzatilayotgan bir paytda, sayyohlar xavfsizligi va qulayligi omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat sifatidagi maqomini saqlab qolmoqda. Mamlakat barcha mehmonlar uchun, ularning millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, ochiqdir. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik an’analari o‘zbek xalqining ajralmas qadriyatlaridan biridir.
Xalqaro reytinglar ham O‘zbekistondagi xavfsizlik darajasi yuqori ekanini tasdiqlaydi. So‘nggi yillarda mamlakat global xavfsizlik indekslarida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, “International SOS Risk Map” reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston past xavfli (Low Risk) davlatlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha ayrim Yevropa mamlakatlari bilan bir qatorda turadi.
“Numbeo Safety Index” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 148 ta davlat orasida 25-o‘rinni egallagan bo‘lib, jinoyatchilik darajasining pastligini ko‘rsatadi. Shuningdek, “Solo Female Travel Safety Index” va “Safety Perceptions Index” reytinglarida mamlakat dunyoda 1-o‘rinni egallab, ayollar uchun yakka sayohat qilishda eng xavfsiz yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, “Gallup Global Law and Order Index” bo‘yicha ham O‘zbekiston jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot organlariga bo‘lgan ishonch darajasi yuqori davlatlar qatoridan joy olgan. Ushbu baholar yig‘indisi O‘zbekistonning xavfsiz, barqaror va qulay turistik yo‘nalish sifatidagi xalqaro imijini mustahkamlaydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga Buyuk ipak yo‘lining boy tarixiy-madaniy merosini, zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini taklif etmoqda.