O‘zbekiston va Butunjahon shaharlar forumi: milliy transformatsiyadan xalqaro muloqot sari

Tashkilotchilar ta’kidlashicha, forum nafaqat global uy-joy inqirozi muammolarini, balki uy-joyning inklyuziv, barqaror va iqlim o‘zgarishlariga moslashgan shahar muhitini yaratishdagi o‘rnini ham qamrab oladi.
BMT-Habitat ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha qariyb 3 milliard kishi xavfsiz va arzon uy-joydan yetarli darajada foydalana olmayapti, 1,1 milliarddan ortiq aholi norasmiy manzillarda yoki xarobalarda yashaydi, 300 milliondan ziyod inson esa umuman boshpanasiz.
O‘zbekiston uchun ushbu forumda ishtirok etish xalqaro hamjamiyatga o‘zining urbanizatsion transformatsiya modelini namoyish etish imkoniyatidir. Agrar respublika va qadimiy tarixiy shaharlarga ega mamlakat qiyofasini ortda qoldirgan O‘zbekiston bugun dunyoga yangi voqelikni – kengayib borayotgan aglomeratsiyalarni, infratuzilmaning keng ko‘lamli modernizatsiyasini va hududiy markazlarning kuchayib borayotgan rolini taqdim etmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi 38 milliondan oshdi, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizga yetib, deyarli 20 million nafar shahar aholisini tashkil etdi.
Bu raqamlar muhim tarixiy bosqichni ifodalaydi. O‘zbekiston shunday davrga kirdiki, endi mamlakat qudrati faqat eksport yo‘laklarining o‘tkazuvchanligi yoki sanoat zonalari soni bilan emas, balki shaharlarning qulayligi, bog‘liqligi, ekologik barqarorligi va iqtisodiy samaradorligi bilan ham o‘lchanadi.
Bugungi O‘zbekistonda shahar oddiy ma’muriy markaz emas. Bu – yoshlar ta’lim oladigan, tadbirkorlar biznes boshlaydigan, oilalar arzon uy-joy izlaydigan va davlat infratuzilma, transport hamda hududlarni boshqarish bo‘yicha yangi yondashuvlarni sinovdan o‘tkazadigan makondir.
Shu bilan birga, tez urbanizatsiya ko‘pincha xavf sifatida ham qabul qilinadi. Darhaqiqat, agar shahar muhandislik tarmoqlari, transport arteriyalari va ijtimoiy infratuzilma – maktablar, shifoxonalar, bog‘lar – rivojidan tezroq o‘ssa, u imkoniyatlar o‘rniga ijtimoiy keskinlik manbaiga aylanishi mumkin.
Ammo O‘zbekiston tajribasining qiziqarli jihati shundaki, urbanizatsiya tobora boshqariladigan rivojlanish resursi sifatida ko‘rilmoqda. Bu jarayon yangi turar joy massivlarini qurish bilangina cheklanmay, shahar muhiti sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishini ham anglatadi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, urbanizatsiya darajasining har bir foizga o‘sishi iqtisodiyotga kamida 1 foiz qo‘shimcha o‘sish olib keladi. Shu bilan birga investitsiya oqimlari, biznes va startap faolligi hamda mehnat unumdorligi mutanosib ravishda oshadi.
Shu sababli O‘zbekistonda urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmoqda. Bu maqsadda mamlakatda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mita urbanizatsiya, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohalarida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlardagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston shaharlari kelajagi
Jahon banki baholariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi va 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi mumkin.
Bu prognoz shuni anglatadiki, shaharsozlik, transport, chiqindilarni boshqarish, kommunal xizmatlar va jamoat makonlari endi faqat qulaylik masalasi emas, balki mamlakat raqobatbardoshligining asosiy omiliga aylanmoqda.
Urbanizatsiya O‘zbekiston uchun demografik o‘sishning yon mahsuli emas, balki modernizatsiyaning kuchli vositasi bo‘lib, uning iqtisodiy mantiqi mutlaqo ravshandir. Sifatli infratuzilma mehnat resurslari harakatchanligini rag‘batlantiradi, qulay shahar muhiti investitsiyalar va mutaxassislarni jalb qiladi, hududiy markazlarning rivojlanishi esa poytaxtga tushayotgan yukni kamaytiradi.
Toshkent tabiiy ravishda asosiy markaz bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning barqaror rivojlanishi boshqa shaharlarga ham e’tibor qaratishni talab qiladi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Jizzax, Xovos, Xiva va Yangiyer yangi geografiyaning tayanch nuqtalariga aylanishi mumkin. Bu hududlarda zamonaviy va inklyuziv infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu esa hududiy shaharlarning chekka hudud maqomidan mustaqil rivojlanish markazlariga aylanishini ko‘rsatadi.
Bunday yondashuv rivojlanish falsafasini o‘zgartirmoqda. Uning asosida nafaqat Toshkentni yengillashtirish, balki hududlarda yangi ish o‘rinlari, jamoat makonlari, transport bog‘liqligi, tadbirkorlik muhiti va sifatli kommunal xizmatlarga ega to‘laqonli alternativ markazlarni yaratish strategiyasi yotadi.
Hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda qishloq mahallalarida shahar muhiti va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ga ega 33 ta namunaviy tuman va shaharlarni tashkil etish dasturi tasdiqlangan.
Prezident tomonidan belgilangan strategik vazifalar pirovardida Yangi O‘zbekistonning me’moriy qiyofasini o‘zgartirish, fuqarolarning munosib hayot kechirishi va ertangi kunga ishonchini ta’minlashga qaratilgan.
Bu choralar, ayniqsa, aholisi asosan yoshlar bo‘lgan mamlakat uchun nihoyatda muhim. Chunki poytaxtga ko‘chib ketish yoshlar uchun o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishning yagona yo‘li sifatida qaralmasligi kerak.
Shu ma’noda ikkinchi darajali shaharlar yangi hayot ssenariysini taklif etmoqda – inson tug‘ilib o‘sgan joyidan uzilmagan holda ta’lim olishi, ishlashi, biznes yuritishi va munosib hayot kechirishi mumkin.
Mazkur salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun yirik investitsiyalar jalb etilmoqda. Jumladan, 2025 yil dekabr oyida Jahon banki O‘zbekiston uchun 250 million dollarlik moliyaviy paketni ma’qulladi. Mablag‘lar 16 ta tuman va shaharda kommunal infratuzilma hamda shahar xizmatlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Dastur umumiy aholisi qariyb 3,6 million kishini tashkil etuvchi hududlarni qamrab oladi va 2030 yilga qadar taxminan 1 million insonning yashash sharoitlarini bevosita yaxshilashi kutilmoqda.
Kutilayotgan natijalar qatorida 300 ming kishi uchun transport imkoniyatlarini yaxshilash, 400 ming kishi uchun bog‘ va jamoat makonlarini rivojlantirish hamda qurilish sohasida qariyb 10 ming vaqtinchalik ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Buning yaqqol misoli sifatida Orolbo‘yi tajribasini keltirish mumkin. Ushbu hudud iqlim xavflariga moslashish, suv resurslarini boshqarish, aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi va ekologik tahdidlarni kamaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlarning amaliy namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bu yerda urbanizatsiya masalalari yanada chuqurroq mazmun kasb etadi. Ekologik jihatdan zaif hududlarda aholi punktlarini qanday rivojlantirish mumkin? Tabiiy muhit katta zarar ko‘rgan joylarda qanday qilib ish o‘rinlari yaratish mumkin? Qanday qilib ko‘kalamzorlashtirish, suv xavfsizligi, aholi salomatligi, infratuzilma va mahalliy iqtisodiyotni birlashtirish mumkin?
Bu savollarga javoblar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi va suv tanqisligi shahar hayoti sifatiga ta’sir ko‘rsatayotgan dunyoning ko‘plab hududlari uchun ham dolzarbdir.
O‘zbekiston urbanizatsiyasi tarixi faqat milliy tajriba emas, balki Markaziy Osiyoda yuz berayotgan kengroq o‘zgarishlarning ham aksidir. Bu jarayon mintaqani faqat geosiyosat, energetika, xomashyo resurslari va transport yo‘laklari orqali qabul qilishdan voz kechilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunning asosiy savoli boshqacha qo‘yilmoqda: Markaziy Osiyo shaharlari qanday bo‘ladi? Ular shunchaki kengayib, yerlarni egallab va infratuzilmaga ortiqcha yuk tushiradimi? Yoki iqtisodiy o‘sish ekologik mas’uliyat, arzon uy-joy, jamoat transporti, yashil hududlar va fuqarolar ishtiroki bilan uyg‘unlashgan makonlarga aylanadimi?
O‘zbekiston aynan mana shu tanlov nuqtasida turibdi. Uning ustunligi – ko‘lami, demografiyasi va hududiy rivojlanishga bo‘lgan e’tiborining ortib borayotganidadir. Asosiy chaqiriq esa – shaharlar jadal o‘sishi ortidan rejalashtirish sifati ortda qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Shu ma’noda, Butunjahon shaharlar forumiga mezbonlik qilayotgan Boku butun mintaqa uchun ramziy maydonga aylanmoqda. O‘zbekiston uchun esa bu o‘z urbanizatsiya kun tartibining nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ega ekanini namoyish etish imkoniyatidir.
Mamlakat dunyoga pragmatik va ayni paytda insonparvar yondashuvni taklif qilishi mumkin. Unda mintaqa nafaqat iqtisodiy tugun, balki ijtimoiy barqarorlik mexanizmi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekiston mamlakat tarixidagi eng yirik urbanizatsion islohotlar arafasida turibdi. Yangi strategik reja demografik o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qat’iy choralarni nazarda tutadi.
Aynan shunda O‘zbekistondagi yangi urbanizatsiyaning bosh mazmuni mujassam.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbarlari
Tursunboy Zikirov, Alisher Nizamov