MDH ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi to‘g‘risida
2020-yilning 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan birinchi marta videokonferensaloqa rejimida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov raislik qildi.
Majlis ishida Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan, Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey, Moldova Respublikasi Tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Oleg Tsulya, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdilar.
Majlis ishtirokchilari fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikladilar. Hamdo‘stlik davlatlari xalqlarining fashizmga qarshi kurashdagi metindek bardoshi va mislsiz irodasi e’tirof etildi. Urush va front orti faxriylariga samimiy g‘amxo‘rlik qilish, yurtimizda tinchlik uchun o‘z jonini berganlarning xotirasini abadiy saqlash zarurligi ta’kidlandi.
Hamdo‘stlik tashqi siyosat idoralari rahbarlari xalqaro kun tartibining va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini, xalqaro va mintaqaviy ishlarda tashkilot roli va o‘rnining holati, uni kuchaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar, shuningdek qator tashkiliy masalalarni muhokama qildilar.
Tomonlar karantin cheklovlari sharoitida savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi barcha mavjud va yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik mexanizmlarini saqlab qolishning hamda MDH erkin savdo hududining to‘laqonli ishlashini ta’minlashning muhimligini qayd etdilar.
Delegatsiyalar rahbarlari koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishda Hamdo‘stlik ishtirokchi davlatlari sa’y-harakatlarini birlashtirish dolzarbligini ta’kidladilar.
Tashqi siyosat idoralari o‘rtasida MDH davlatlari hududida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash jabhasidagi muloqotni mustahkamlash hamda investitsiya, transport, innovatsiya, madaniyat, sport va yoshlar siyosati sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hamdo‘stlik ishtirokchi davlatlari xalqlari hayoti farovonligi va sifat darajasini ko‘tarish maqsadida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni inobatga olishga asoslangan holda hamkorlik kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar MDH TIVKning keyingi majlisini oktabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomoni taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Majlis yakunlariga ko‘ra hamkorlikning turli yo‘nalishlarida 11 ta hujjat imzolandi, kun tartibining barcha masalalari bo‘yicha o‘zaro kelishilgan qarorlar qabul qilindi.