Parlamentlararo ittifoq O‘zbekiston parlamentining inson huquqlarini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi
2020-yil 18-may kuni ayni sarlavha bilan Parlamentlararo ittifoq rasmiy veb-sahifasida O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatiga ijobiy baho berilgan maqola e’lon qilindi.
Axborotda Parlamentlararo ittifoqning O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan inson huquqlari jabhasidagi xalqaro standartlarni milliy darajada joriy etish borasida yaqinda qabul qilingan choralarni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlanadi.
“Parlamentlararo ittifoqning tavsiyasiga binoan yaqinda O‘zbekiston parlamenti qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etdi va unda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1966-yilda qabul qilingan va 1976-yildan buyon amalda bo‘lgan ko‘ptomonlama shartnomaning bajarilish jarayoni muhokama qilindi, – deyiladi maqolada. – Qatnashchilar fuqarolik jamiyatini va qonun ustuvorligi madaniyatini rivojlantirish, penitentsiar tizim islohati, sud hokimiyati mustaqilligi, bolalar mehnatiga barham berish, gender tenglikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi jabhalarga to‘xtalib o‘tishdi”.
Parlamentlararo ittifoqning baholashicha, O‘zbekiston parlamenti inson huquqlarini ta’minlash masalasini yanada faolroq ilgari surmoqda. 2018-yilda inson huquqlari himoya qilinishinining amalga oshirilishi va BMT tavsiyalarining bajarilishi ustidan parlament nazorati mexanizmi ishlab chiqlgan edi. Qonunchilik organi BMTning huquqni himoya qiluvchi mexanizmlari bilan hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qildi va o‘z tarixida birinchi bor inson huquqlari bo‘yicha parlament hisobotini e’lon qildi.
Parlamentlararo ittifoq so‘nggi yillarda milliy parlamentariylarimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi majlislaridagi roli o‘sayotganini e’tirof etmoqda.
“O‘zbekiston parlamenti Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiya bilan ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. Xususan, mamlakatdagi inson huquqlari bo‘yicha ikkita ta’sirchan masala – qiynoqlarning oldini olish va majburiy mehnatga chek qo‘yish borasidagi choralarni qabul qilish bo‘yicha mexanizmni tuzishda faol ishtirok etdi, – deyiladi xabarda. – Yuqorida qayd etilgan videokonferensiya shuningdek O‘zbekistonda yashayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslarning deyarli yarmiga (49 ming kishi) mamlakat fuqaroligini olish imkonini beruvchi fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonunning qabul qilinishi fonida tashkil etilgani ham ahamiyatlidir”.
Parlamentlararo ittifoq dunyo davlatlarining milliy parlamentlarini birlashtiruvchi va 1889-yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan global tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunda uning ishida 179 parlament va 13 uyushgan a’zo ishtirok etmoqda.
Matnning ingliz tilidagi to‘liq shakli bilan Parlamentlararo ittifoqning rasmiy veb-sahifasida quyidagi ilova orqali tanishish mumkin:
https://www.ipu.org/news/news-in-brief/2020-05/ipu-welcomes-human-rights-efforts-uzbek-parliament