O‘zbekiston TIV huzuridagi Tarjimonlar byurosi va “BMB Trade Group” kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolandi
2020-yilning 3-iyun kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi va “BMB Trade Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik va sherikchilik to‘g‘risidagi bitim” imzolandi. Hujjatni Tarjimonlar byurosi direktori Iqboljon Soliyev va “BMB Trade Group” kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatkulov imzoladilar.
“Lingvistik konsalting, chet tillarni o‘qitish, tor ixtisoslikdagi hujjatlarni tarjima qilish xizmatini ko‘rsatish sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik, iqtisodiy, moliyaviy va yuridik mazmundagi hujjatlarni, davlat va xorijiy tillarda o‘tkaziladigan muzokaralar jarayonini va tadbirlarni tarjima qilish” Bitim mavzusi bo‘ldi.
“BMB Trade Group” – nufuzli investitsiya-konsalting kompaniyasi bo‘lib, hozirning o‘zidayoq uning xizmatlaridan 200 dan ortiq yetakchi xorijiy kompaniyalar foydalanishdi. Xalqaro ishbilarmonlik va savdo munosabatlarini rivojlantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, iqtisodiyotning turli jabhalarida investitsion loyihalarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5400-son farmonini bajarish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan rasmiy tadbirlardagi tarjima, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari va boshqa hujjarlar matnini tarjima qilish sifatini ko‘tarish maqsadida tashkil etilgan.
Rasmiy tadbirlarda sinxron va ketma-ket tarjimani ta’minlash, rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlanadigan materiallarni yozma tarjima qilish, shartnoma asosida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa xalqaro tashkilotlarga og‘zaki va yozma tarjima xizmatlarini ko‘rsatish Byuro faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari hisoblanadi.