Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi
Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida O‘zbekiston tashqi siyosatining Markaziy Osiyodagi ustuvor yo‘nalishlari va asosiy vazifalari, nima uchun mintaqada integratsiya jarayonini yaratishga urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘lganligi, mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlardagi muammolarning sabablari haqida gapirib berdi.
— O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarida qanday muammolar mavjud edi?
— 2016 yilga qadar shakllangan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosobatlari barcha masalalarni qat’iy qayta ko‘rib chiqishni talab qilar edi. Shu o‘rinda “Nima uchun?” degan savol tug‘iladi.
Chunki, ko‘p yillik nizolar, ba’zida to‘g‘ri yondashilganda oqilona yechimlar topsa bo‘ladigan masalalar bo‘yicha “qarama-qarshiliklar” nafaqat kelishmovchiliklarga, balki ko‘pincha chegaralarda nohush hodisalarga ham sabab bo‘lgan.
Kelishmovchilikning asosiy sababi suvdan va transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish va chegara punktlarini kesib o‘tish masalalarida murosaning yo‘qligi bo‘lgan. Asosiy qarama-qarshilik, yana bir bor takrorlayman, murosaning yo‘qligi edi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, prezidentimiz bundan ikki yil muqaddam Toshkent viloyati faollari oldida qilgan chiqishlarida shunday degan edilar: “O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi 25 yil ichida to‘plangan ulkan muz bor. Bu muz erishi uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi”.
— O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan siyosatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
— O‘tgan uch yil ichida, O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlari bilan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan global masalalar bo‘yicha qaror qabul qilindi: xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya sohalarida.
Natijada tarixan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ya’ni, bugun sizga ishonch bilan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlarga ega ekanligimizni ta’kidlay olaman. 2016 yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 25 yil ichida shakllangan muzlar shu uch yil ichida butunlay eridi deyishimiz mumkin.
Mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasida siyosiy muloqot mustahkamlandi. Prezidentlar o‘rtasidagi shaxsiy ishonch mustahkamlandi. Bugun aytish mumkinki, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan savdo aylanmasida misli ko‘rilmagan o‘sish kuzatilmoqda. 2019 yil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 5,2 mlrd dollarga yetdi.
Mening kuzatishlarim shuni ko‘rsatadiki, agar 2016 yilgacha O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yillik tovar aylanmasi o‘rtacha 100−150 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil natijalariga ko‘ra barcha mamlakatlar bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sgan. Tovar aylanmasi Qirg‘iziston bilan 8 baravar, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5 baravar, Qozog‘iston bilan esa 1 milliard dollarga o‘sdi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi.
2017 yil 5 sentyabrida O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida chegara shartnomasini imzoladik. Shuningdek, 2018 yil 10 mart kuni Tojikiston bilan chegara shartnomasi imzolandi. Natijada chegara punktlaridagi barcha cheklovlar olib tashlandi.
Agar 5 yil oldin o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini kuniga 200−300 kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatgich kuniga 30 mingdan oshadi. Tojikiston bilan shartnoma imzolangandan keyin barcha 17 ta chegara punkti to‘liq ishlay boshladi. Ilgari ular yopiq edi. Bugun O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini kuniga 20 ming fuqaro kesib o‘tmoqda. Mana O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda qanday o‘zgarishlar yuz bergan.
Agar 5 yil oldin O‘zbekiston Markaziy Osiyoning integratsiya jarayonlarida “susaytiruvchi omil” deb aytilgan bo‘lsa, bugun bu yorliq O‘zbekistondan butunlay olib tashlandi. Chunki bugun prezidentimizning tashabbuslari bilan O‘zbekiston mintaqadagi integratsiya jarayonlarini faol ravishda ilgari surmoqda. Aytish mumkinki, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, o‘zaro foyda va o‘zaro manfaatlarni hisobga olingan holda rivojlanmoqda. Munosobatlarimizning ushbu uchta ustuni barcha muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.
— Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muloqot maydonini yaratishga bo‘lgan urinishlar avval ham qilingan edi, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Sizningcha, bunga sabab nima edi?
— Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyoda turli tashkilotlar tashkil etildi, ammo ularning istiqbollari yo‘q edi.
1993 yilda ilk shunday tashkilot — Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishtirokidagi Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati (MOIH) tashkil qilingan edi. Tojikiston ushbu tashkilotga 1998 yilda fuqarolik urushi tugaganidan va mamlakatda tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng a’zo bo‘lgan. Ushbu tashkilot 2002 yilgacha faoliyat ko‘rsatdi.
Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy, iqtisodiy, ekologik, transport va xavfsizlik masalalari kabi ko‘pgina muammolar mavjud. MOIH nomining o‘zi esa faqat iqtisodiy masalalarni muhokama qilish bilan cheklanadi.
Shu sababli 2002 yilda, O‘zbekiston tashabbusi bilan muhokama qilinadigan masalalar doirasini kengaytirish maqsadida MOIH Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti (MOHT) ga aylantirildi. U 2005 yilgacha faoliyat yuritdi. 2005 yil 6 oktyabrda esa ushbu tashkilotni YevroOsiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (2014 yil YevroOsiyo Iqtisodiy hamjamiyati YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi tuzilganiligi uchun tugatildi — tahr.) bilan birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qaror Sankt-Peterburgda davlat rahbarlarining kelishuvlari asosida qabul qilingan.
Nega bu mintaqaviy tashkilotlarning istiqboli yo‘q edi? Asosiy sabab — ularda mintaqadagi barcha mamlakatlarning ishtirok etmasligi. Neytral maqomi tufayli Turkmaniston ushbu tashkilotlarda ishtirok etmadi. Agar Markaziy Osiyoga bir organizm sifatida qaralsa, barcha organlar o‘z funksiyasini to‘liq bajarsagina, u ishlaydi.
Diplomatik tomondan tahlil qilinsa, Markaziy Osiyo beshta davlatdan iborat: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston. Agar O‘zbekiston biror bir mintaqaviy tashkilot tarkibida bo‘lmasa hech qanday masala, xoh u siyosiy, xoh u iqtisodiy yoki gumanitar xarakterga ega bo‘lsin, har samarali hal qilinmaydi. Bir mamlakatning mintaqaviy tashkilotga qo‘shilmasligi uning to‘liq ishlashi uchun imkon bermaydi.
— Mintaqaviy muvofiqlashtirish bo‘yicha hozirgi tashabbus oldingilaridan muvaffaqiyatliroq bo‘lishiga umid qilish mumkinmi va nega?
— Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash uchun muhim maydon bo‘ldi. Ishonchim komilki, ushbu maslahat uchrashuvi katta istiqbolga ega, chunki ushbu uchrashuvda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ishtirok etadi.
2018 yil 15 martda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvning asosiy natijasi mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘ldi.
Ikkinchi Maslahat uchrashuvi prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yilning 29 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Toshkent uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqinlashuvi qaytarib bo‘lmas jarayonga aylandi.
29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuv natijalariga ko‘ra, barcha davlat rahbarlari bilan qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari o‘rtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, yoshlar siyosati bo‘yicha barcha kelishuvlar mavjud bo‘lib, tabiiyki Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilgan. Chunki Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun Afg‘oniston muammosini hal qilish juda muhimdir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdid Afg‘onistondan keladi.
Toshkentda biz shuningdek Maslahat uchrashuvi reglamentlarini imzoladik. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari davlatlari rahbarlarining uchrashuvi yiliga bir marta o‘tkaziladi. Uchrashuvning aniq sanasi, kun tartibi va masalalari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
Masalan, ikkinchi uchrashuvni o‘tgan yilning aprel oyida rejalashtirgan edik, ammo vaziyat uni keyinga surishni talab qildi, uchrashuv 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Qirg‘izistonda uchinchi maslahat uchrashuvi shu yil avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Agar pandemiya holati yaxshilansa, uchrashuv kuzda tashkil qilinishi mumkin.
Biz hozirda uchinchi uchrashuvni Qirg‘izistonda o‘tkazish ustida ish olib borayapmiz. Ushbu uchrashuv doirasida imzolanadigan hujjatlar onlayn rejimida ishlab chiqilmoqda. Ekspertlarning birinchi uchrashuvini biz 20 fevralda Bishkekda o‘tkazdik, unda hali yuzma-yuz uchrashgan edik. Ikkinchi uchrashuvni 22 iyun kuni onlayn tarzda o‘tkazdik.
— Markaziy Osiyo suv ta’minoti tahlillari quvonarli emas: muzliklar erimoqda, daryolar sayoz bo‘lib bormoqda, aholi tez o‘smoqda. Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda suv resurslaridan foydalanishni oqilona rejalashtirish, boshqarish va sifat nazorati uchun qaysi tashkilot samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin? Yoz oylarida quyi oqim mamlakatlarida yetarlicha suv bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
— Markaziy Osiyoda Amudaryo va Sirdaryo daryolari suv manbai hisoblanadi. Biz bu ikki daryoning o‘rtasida joylashganmiz.
Sovet davrida hech qanday muammo yo‘q edi, barchasi markazlashgan tarzda rejalashtirilar edi. Quyi oqim mamlakatlari yuqori oqim mamlakatlari bo‘lmish Qirg‘iziston va Tojikistonga gaz va boshqa energiya manbalarini yetkazib berar edik. Zarur bo‘lganda, ortiqchasini sotib olar edik. Sovet Ittifoqi qulashi bilan, tabiiyki, bozor iqtisodiyoti tamoyillari kuchga kirdi va ma’lum muammolar paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi suvning katta qismidan foydalanadi, chunki bizning aholimiz va iqtisodiyotimiz juda katta. Mintaqada suvga talab doimiy ravishda o‘sib bormoqda: aholi ko‘paymoqda, iqtisodiyot kengaymoqda, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda. Boshqa tomondan, suv manbalari kamayib bormoqda.
Bugun O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli biz ushbu masalani hal qildik. Qo‘shni mamlakatlarda ba’zi ob’ektlarning qurilishi, masalan Tojikistonda Rog‘un GESi yoki Qirg‘izistonda Qambarota-1, Qambarota-2 GESlarining qurilishiga uzoq vaqt davomida qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsak, bugungi kunda bizda bunday muammolar yo‘q, O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli ushbu savollar olib tashlandi. Biz hatto Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etishga tayyor ekanligimizni bildirdik. Markaziy Osiyoda quriladigan barcha ob’ektlar qo‘shni davlatlarning manfaatlarini inobatga olgan holda qurilishi zarurligini kelishib oldik.
Tabiiyki, suv taqchil bo‘lgan va suv ko‘p bo‘lgan yillar bo‘ladi. Mutaxassislarimizning menga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Rog‘un GESining qurilishi 70-yillarda O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan qurg‘oqchilik yillarida Rog‘un suvining zaxiralaridan paxta dalalarini suv bilan ta’minlashda foydalanish uchun rejalashtirilgan bo‘lgan. Sovet Ittifoqi qulagan paytda loyiha allaqachon eskirgan edi, shuning uchun ba’zi muammolar mavjud edi. Endi bu muammo yo‘q. Tojikiston rahbariyati quyi oqim mamlakatlari uchun hech qanday muammo tug‘dirmaganliklarini va kelajakda yaratmasliklariga ishontirmoqda.
Qirg‘iziston bilan ham suvdan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarimiz bor. Masalan, Toktogul GESi — Qirg‘izistondagi eng yirik gidroelektrostansiya. U 19 mlrd kubometr suvni to‘playdi. Biz barcha masalalarni o‘zaro manfaat va o‘zaro hurmat asosida hal qilamiz.
Bundan tashqari, suvni tejash haqida o‘ylashimiz kerak. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston prezidenti tegishli tuzilmalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘shanda u suvni tejash borasidagi tajribani o‘rganish uchun rivojlangan davlatlar bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatish vazifasini qo‘ydi. Ya’ni, suvni tejaydigan texnologiyalarni jalb qilishimiz kerak, shu jumladan tomchilatib sug‘orishni ham. Bu qishloq xo‘jaligini, sanoatni va albatta aholini suv bilan ta’minlashda juda muhimdir.
— So‘xdagi hodisa o‘zbek-qirg‘iz munosabatlariga qanday ta’sir qildi? Vaziyat chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonining tezlashishiga ta’sir qiladimi?
— Bu hodisa bugungi kunda rivojlanayotgan munosabatlarimizga ta’sir qilmaydi. Prezident 5 iyun kuni Farg‘ona viloyati faollari oldida qilgan chiqishida: “So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar chegarasida ko‘plab muammolarni hal qilishga erishdik. So‘xdagi voqealar bizning qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, o‘zaro safarlarimizga va umumiy rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak. Biz xotirjam, sabrli va rahmdil bo‘lishimiz kerak. Qo‘shnichilik — mingyilchilik. Xalqlarimiz yonma-yon yashab, bir-birlarini hurmat qilishlari kerak” — degan edi.
Roppa-rosa olti kundan so‘ng, 11 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Soronbay Sheripovich Jeenbekov O‘sh viloyatiga tashrif buyurib, Aravan tumani aholisi bilan uchrashganida quyidagi so‘zlarni aytdi: “Sh.Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mustahkamlandi. Yaxshi maqol bor: yaqin qo‘shni uzoq qarindoshdan yaxshiroq. Qirg‘iz va o‘zbek xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashab kelishgan. Ota-bobolarimiz birdamlikni saqlab, bir-biriga yaqin bo‘lishgan. Bizning mamlakatlarimiz nafaqat jug‘rofiy jihatdan bir-biriga yaqin, bizda bitta tarix, bitta din, bitta til va o‘xshash urf-odatlar mavjud. Biz yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni saqlashga intilamiz, barcha muammolarni hal qilamiz, buning uchun sabr va vaqt kerak. Farzandlarimizning kelajagi uchun qo‘shni davlatlar bilan do‘stlikni mustahkamlash siyosatini davom ettiramiz”.
Prezidentlarning bayonotlari o‘xshash va bu yaqinda sodir bo‘lgan So‘x voqealari ikki tomonlama munosabatlarga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmasligidan darak beradi.
Men So‘xda ko‘p marotaba bo‘lganman. Uning tabiati go‘zal, iqlimi yoqimli, yumshoq, yerlari unumdor, odamlari mehnatkash va sabrli. So‘x gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlangan. O‘tgan yili “Obod mahalla” dasturi doirasida maktab, bolalar bog‘chasi, zamonaviy turar-joy binolari qurildi, yo‘llar ta’mirlanib, tuman markazida “yagona darcha” filiali qurildi (davlat xizmatlari markazi — tahr.).
Ayni paytda Prezident topshirig‘i bilan So‘x viloyatini kelgusi yillarda har tomonlama rivojlantirish uchun 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Iqtisodiyotning barcha sohalarida 98 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.
— Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar pandemiya davrida qanday rivojlanmoqda?
— Ochiqchasini aytsam, o‘zaro yordam va koronavirus tarqalishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilgan qo‘shma chora-tadbirlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosati to‘g‘ri ekanligini isbotladi.
Pandemiya xavfiga qaramay, bugungi kunda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida faol hamkorlik mavjud. Davlat rahbarlari doimiy ravishda telefon orqali muloqot qilishadi. Hisoblab chiqishimcha, so‘nggi 4 oy ichida O‘zbekiston prezidenti mintaqa davlat rahbarlari bilan 16 marta suhbatlashdi.
Shunday maqol bor: “Do‘st boshingga kulfat tushganda bilinadi”. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatlar bir-biriga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni boshladilar. O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga yordam yubordi. Bunga javoban Qirg‘iziston va Tojikiston singari qo‘shnilarimiz Sardoba suv omborini tiklash uchun insonparvarlik yordamini ko‘rsatdilar.
Yaratilgan do‘stlik, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik muhiti pandemiya sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va umuman ular o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.
— Markaziy Osiyoda O‘zbekiston oldida qanday yangi vazifalar turishi mumkin? Pandemiyadan keyin biron bir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi?
— Yangi vazifalar haqida gapirar ekanman, shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston prezidenti 24 yanvar kuni parlamentga yo‘llagan murojaatida mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. O‘zbekiston tashqi siyosatining birinchi ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan konstruktiv siyosatni ishlab chiqish va davom ettirish belgilandi.
Tabiiyki, biz bugungacha bo‘lgan munosabatlarni rivojlantirishni, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kuchaytirishni va iqtisodiy hamkorlikka katta ahamiyat berishni davom etamiz. Qozog‘iston bilan savdo hajmini 5 milliard dollarga, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu bizning asosiy vazifamizdir.
Iqtisodiy diplomatiya masalasida prezident Tashqi ishlar vazirligi oldiga katta vazifalarni qo‘yadi. Birinchidan, investitsiyalarni jalb qilish. Ikkinchidan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportining o‘sishi. Va nihoyat, O‘zbekistonga keladigan sayyohlar sonini ko‘paytirish.
Agar iqtisodiyot rivojlansa, unda hamma narsa rivojlanadi. Dunyoda biror bir mamlakat investitsiyalarni jalb qilmasdan turib rivojlangan emas. Masalan, Ikkinchi Jahon urushidan keyin Germaniya butunlay vayron qilingan edi. Investitsiyalar tufayli bugungi kunda u Yevropadagi eng rivojlangan davlat hisoblanadi.
Yoki turizm. Masalan, Chikagoda baland va osmono‘par binolar bor. Sayyohlar uchun ko‘ngil ochish joylari bor, infratuzilma yaratilgan. U yerda bo‘lganimda, menga har yili 30 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurishini aytishgan edi. Bu ichki turizm bilan birga hisoblaganda.
O‘zbekistonda sayyohlar soni albatta o‘sib bormoqda. 2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 7 mlndan ortiq sayyoh keldi. Afsuski, pandemiya ushbu trendga o‘z o‘zgartirishlarini kiritdi.
— 2020 yil fevral oyidan MarkaziyOsiyo mamlakatlarida Silk Road vizasi tartibini joriy etish rejalashtirilgan edi. O‘zbekistonning turizmni qayta tiklash rejalarini hisobga olgan holda, bu jarayon qaysi bosqichda? Pandemiya unga qanday ta’sir qildi?
— Ushbu tashabbus sayyohlarning MarkaziyOsiyo mamlakatlariga kelishini yengillashtirish uchun taklif qilindi. Bu xuddi Shengen vizasi kabi. Agar chet el fuqarosi O‘zbekiston vizasiga ega bo‘lsa, u holda u Qozog‘istonga tashrif buyurish huquqiga ega bo‘ladi. Agar chet el fuqarosi Qozog‘iston vizasiga ega bo‘lsa, u O‘zbekistonga hech qanday muammosiz tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Afsuski, pandemiya bu rejalarga ham xalaqit berdi. Lekin bu hujjat chiqish arafasida deb ayta olaman. Agar biz Qozog‘iston bilan mavjud ba’zi savollarni yechib, bu viza rejimini muvofiqlashtirsak, hujjat yaqin orada chiqishi kerak. Hujjat yuzasidan yakuniy kelishuvga kelganimizda, u boshqa davlatlarda ham ishlashini ta’minlash uchun harakat qilamiz.
— Markaziy Osiyoda xalq diplomatiyasining istiqbollari qanday va u hukumatlarga munosabatlarni yaxshilashga qanday yordam berishi mumkin?
— Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda xalq diplomatiyasining o‘rni juda muhimdir. Bu yerda eng muhimi, bizning madaniyatimiz, u bir-birini to‘ldiradi. Urf-odatlarimiz va udumlarimiz bir, dinimiz bir, til to‘sig‘i yo‘q. Tojikiston bilan ikki tilda gaplashsak ham, lekin madaniyatimiz, tariximiz, urf-odatlarimiz juda yaqin.
2018-yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilindi. Uning doirasida 80 dan ortiq madaniy, sport tadbirlari, kino kunlari, turli festivallar o‘tkazdik. 2019 yil esa O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili” bo‘ldi. Xuddi shunday ko‘plab madaniy tadbirlar tashkillashtirildi. Mana shu xalq diplomatiyasi. So‘nggi uch yil ichida biz Tojikiston bilan ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazdik. Qirg‘iziston bilan ham xuddi shunday.
Ayniqsa, chegaralar ochilgandan keyin chegara hududlarida istiqomat qiluvchi aholi uchun qulay sharoit yaratildi. Tojikiston va O‘zbekiston chegarasini kuniga 20 mingdan oshiq, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasini 30 mingdan oshiq odam kesib o‘tishi ham xalq diplomatiyasi.
Автор: “Gazeta.uz” AA