O'zbekiston -Turkmaniston munosabatlari
O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona aloqalar qaror topgan bo‘lib, davlatlararo munosabatlarining barcha jabhalarida hamkorlik darajasi yuksalmoqda.
O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari yuqori darajadagi ikkitomonlama hamkorlik bilan izohlanadi. Oliy darajada qabul qilingan bitimlar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va gumanitar hamkorlikка oid hujjatlar turli sohalarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
1991-yildan hozirgi paytga qadar ikki mamlakat rahbarlarining 21 marta oliy darajadagi tashriflari amalga oshirildi. O‘zbekiston Prezidenti 10 marotaba Turkmanistonga tashrif buyurgan bo‘lsa, Turkmaniston Prezidenti O‘zbekistonga 11 marta kelgan.
O‘zaro tovar aylanmasi hajmi izchil o‘sib bormoqda va 2016-yil yakunlari bo‘yicha qariyb 213 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Ikki mamlakatning neft va gaz sohasida yaqindan hamkorlik qilishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Muhim strategik xomashyoni eksport qilish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini bergan «Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy» transmilliy gaz quvurining qurilishi bo‘yicha yirik loyihaning amalga oshirilishi ikki mamlakatning ushbu sohadagi samarali hamkorligiga yaqqol misol bo‘la oladi.
Transport kommunikatsiyalari iqtisodiy hamkorlik borasidagi yana bir muhim yo‘nalishdir. «O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon» yangi xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha imzolangan ko‘p tomonlama shartnomaning hayotga tadbiq etilishi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratadi, tranzit yuklar oqimini ko‘paytirishga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning muhim omilidir. O‘zbekiston va Turkmanistonning madaniyat va san‘at namoyandalari ikki mamlakatda tashkil etiladigan festival, ko‘rgazma va forumlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.